Harbiy yoshlar forumi o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatida Yoshlar oyligi doirasida hamda 26-iyun — Butunjahon giyohvandlikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan Milliy gvardiya ixtisoslashtirilgan o‘quv markazida "Yosh harbiylar forumi" bo‘lib o‘tdi. Tadbir yosh harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ruhiy salohiyatini yuksaltirish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda giyohvandlik kabi ijtimoiy xavfli illatlarga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratildi.
Forum O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi hamda Guliston harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi, Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Milliy gvardiya ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi, Sirdaryo viloyati OITSga qarshi kurashish markazi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi hamkorligida tashkil etildi.


Forum dasturi yosh harbiylarning jismoniy, intellektual va ma’naviy salohiyatini namoyon etishga xizmat qiluvchi tadbirlarga boy bo‘ldi. Kamondan o‘q otish, arqon tortish va shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda ishtirokchilar epchillik, matonat va zehn sinovidan o‘tgan bo‘lsa, ayol harbiy xizmatchilar va xodimalar o‘rtasidagi voleybol bahslari jamoaviy hamjihatlik hamda o‘zaro ishonchning yorqin namunasiga aylandi.
Tadbirning eng qiziqarli qismi "Quvnoqlar va zukkolar" ko‘rik-tanlovining Harbiylar ligasi bellashuvlari bo‘ldi. Harbiy jamoalar o‘zlarining hozirjavobligi, ijodkorligi va sahna madaniyatini namoyon etishib, harbiy xizmat intizom va mas’uliyat bilan bir qatorda yuksak ma’naviyat hamda keng dunyoqarashni ham talab qilishini yana bir bor isbotladilar.


Forum doirasida "Giyohvandlikka qarshimiz!" shiori ostida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tadbirning eng dolzarb yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Sirdaryo viloyati OITS ga qarshi kurashish markazi mutaxassislari giyohvandlik va psixotrop moddalarning inson salomatligi, oila hamda jamiyatga yetkazadigan og‘ir oqibatlari, zararli odatlarga qarshi immunitetni shakllantirish va sog‘lom turmush tarzining ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berishdi.


Ta’kidlanganidek, yoshlarni turli yot g‘oyalar, zararli illatlar va huquqbuzarliklardan asrashda profilaktik tadbirlarning ahamiyati beqiyos. Ayniqsa, harbiy jamoalarda sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va intellektual tanlovlarni muntazam tashkil etish nafaqat jismoniy tayyorgarlikni mustahkamlaydi, balki Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi, fidoyilik va yuksak mas’uliyat hissini ham kuchaytiradi.


— "Yosh harbiylar forumi" doirasida tashkil etilgan "Quvnoqlar va zukkolar" tanlovi hamda sport musobaqalari biz yosh harbiylar uchun unutilmas taassurotlarga boy kun bo‘ldi. Bu yerda eng muhimi, kimning g‘olib yoki mag‘lub bo‘lgani emas, balki hamjihatlik, do‘stlik va jamoaviy ruhning ustun kelganidir. "Giyohvandlikka qarshimiz!" shiori ostida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv esa giyohvandlik va psixotrop moddalarning inson salomatligi hamda jamiyat uchun naqadar xavfli ekani haqida yanada kengroq tasavvur hosil qilishimizga yordam berdi. Bu kabi forumlar yoshlarda nafaqat vatanparvarlik tuyg‘usini, balki sog‘lom hayot tarziga bo‘lgan intilishni ham mustahkamlaydi, — deydi tadbir ishtirokchisi Muhabbat Nazarova.


Forum yakunida turli musobaqa va tanlovlarda g‘olib hamda faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilar munosib taqdirlandi. Tadbirda bu kabi forumlar yosh harbiylarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sog‘lom turmush tarziga chorlash, vatanparvarlik ruhini mustahkamlash va mamlakat tinchligi hamda xavfsizligini ta’minlashdek sharafli burchga sadoqat bilan xizmat qilishga undashda muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri