Harbiy sohadagi ilmiy tajribalar almashildi
«O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi harbiy-ilmiy faoliyati tajribasi» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir Qurolli Kuchlar akademiyasining harbiy-ilmiy tadqiqot va innovatsiya faoliyatini tashkillashtirish tajribasini o‘rganish, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan ilmiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy faoliyatni takomillashtirishga qaratilgan metodologiya va ilg‘or uslubiy yondashuvlar asosida o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy apparati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy-ta’lim muassasalari ilmiy bo‘linmalari mutaxassislari hamda Qurolli Kuchlar akademiyasi ilmiy-tadqiqotlar instituti xodimlari ishtirokidagi tadbirda tizimda bo‘layotgan o‘zgarishlar, harbiy-ilmiy faoliyat bo‘yicha tajriba almashildi.
Davra suhbati davomida harbiy-ilmiy jarayon hamda Ilmiy-tadqiqotlar instituti faoliyati yuzasidan bir qator mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Qurolli Kuchlar akademiyasi ilmiy hamkorligi hamda istiqbolli innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha harbiy ilm-fanni yanada rivojlantirish yuzasidan fikrlar almashildi.
Qayd qilinganidek, davra suhbatida berilgan taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy-ta’lim muassasalari uchun harbiy ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or metodologik va uslubiy yondashuvlar bilan o‘zaro tajriba almashish, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahliliy faoliyatni takomillashtirish yo‘lida samarali yo‘l bo‘lib xizmat qiladi.

D.Mamatova, O‘zA