Harbiy qismda «Ochiq eshiklar kuni»
Vatan himoyasi — sharafli burch, yurtga xizmat — yuksak mas’uliyat. Ana shu ezgu g‘oyalar asosida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatan taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish maqsadida Mirzaobod tumanida joylashgan Safarbarlik chaqiruv rezervi batalonida «Ochiq eshiklar kuni» tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» shiori ostida tashkil etilgan tadbir yoshlar uchun mazmunli va unutilmas uchrashuvga aylandi.
Tadbir O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, Guliston harbiy prokuraturasi, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi hamda Sirdaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi.
[gallery-30811]
«Ochiq eshiklar kuni» davomida yoshlar harbiy qism hayoti bilan yaqindan tanishdilar. Ular harbiy xizmatchilarning kundalik faoliyati, xizmat tartibi, mashg‘ulot jarayonlari va harbiy xizmat uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot oldilar.Bundan tashqari, ularga harbiy xizmatning mazmun-mohiyati, Vatan himoyachisining sharafli va mas’uliyatli burchi, yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashda Qurolli Kuchlarning o‘rni haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, ularni qiziqtirgan savollarga mas’ullar tomonidan javoblar qaytarildi. Ayniqsa, harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yoshlarni jismonan baquvvat, ma’nan yetuk va irodali etib tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
— Bunday tadbirlar yoshlar hayotida muhim o‘rin tutadi. Chunki ular harbiy xizmatning mazmun-mohiyatini bevosita anglab, Vatan himoyachisi bo‘lish qanday sharafli va mas’uliyatli vazifa ekanini yurakdan his qiladilar, — deddi Sirdaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasining Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi mayor Burxon Abdualimov.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA