Harbiy hayot — jurnalist va blogerlar nigohida
FOTOREPORTAJ
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi tasarrufidagi qo‘mondonlik va harbiy qismlarda Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Unda jurnalist va blogerlar milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoitlar, shuningdek, ularning oila a’zolari va farzandlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
[gallery-31658]
Dastlab Termiz shahridagi qo‘mondonlikda mas’ul ofitserlar tomonidan mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarning xizmat faoliyati, ular uchun munosib sharoitlar yaratish hamda oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi. Uchrashuvda OAV vakillari va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari Kakaydi garnizoniga tashrif buyurdi. Bu yerda mehmonlar harbiy xizmatchilarning kundalik hayoti, yashash va xizmat sharoitlari, zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarog‘ namunalari, o‘quv xonalari hamda trenajyorlar faoliyati bilan tanishdilar.
Garnizondagi kutubxona faoliyati, harbiy xizmatchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirishga qaratilgan ishlar ham ishtirokchilar e’tiborida bo‘ldi.
Press-tur doirasida harbiy psixolog xonasida maxsus trening ham o‘tkazildi. Unda psixologik barqarorlikni ta’minlash, stress holatlarining oldini olish va jamoada sog‘lom muhitni shakllantirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar namoyish etildi.
Tashrif davomida mehmonlar «Vatan ruhi» radioeshittirishining faoliyati bilan tanishdilar. Radiodasturlarni tayyorlash va efirga uzatish jarayoni, uning harbiy xizmatchilarga axborot-ma’rifiy xizmat ko‘rsatishdagi o‘rni haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, jurnalist va blogerlar garnizondagi Adiblar xiyobonida bo‘lib, bu yerda yaratilgan ma’naviy-ma’rifiy muhit bilan tanishdilar.
Press-turdan ko‘zlangan asosiy maqsad — jamoatchilik vakillarini mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish, sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda OAV va blogerlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA