Harbiy gospital o‘rnida ko‘p qavatli uylar emas, yoshlar bog‘i tashkil etildi
Prezident tashrifidan so‘ng
Samarqand shahrida shunday bo‘ldi. Shahar markazidagi harbiy gospital boshqa joyga ko‘chirilarmish, degan gap chiqqanda odamlarda “o‘rnida nima qurilar ekan?” degan savol paydo bo‘ldi. “Albatta, ko‘p qavatli uy quriladi-da, atrofda qurilish ketyaptiku”, deganlar ham kam emasdi. Keyinchalik rostdan ham bu yerda ko‘p qavatli uy qurilishi haqida gap-so‘zlar ko‘paydi, ayrimlar hatto loyihasigacha ko‘rganini aytdi. “Hududda madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan binolar bor, ularni buzish mumkin emas”, dedi yana bir guruh samarqandliklar. Xullas, birov u dedi, birov bu dedi, o‘tgan yil hududda qurilish ishlari boshlandi. Faqat ko‘p qavatli uylar emas, istirohat bog‘i qurilishi aytildi.
Samarqand keyingi yillarda kengayib, yirik megapolisga aylanib bormoqda. Shahar hududi qo‘shni tumanlar hisobiga bir muncha kengaydi, yangi turar joy massivlari, sayyohlik manzillari paydo bo‘ldi, o‘ndan ortiq oliy ta’lim muassasasi tashkil etildi. Bir qator ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyat boshladi. Yaqin orada Samarqand bir millionli shaharga aylanishi kutilmoqda.
[gallery-28348]
Tabiiyki, bunday sharoitda shaharda yashil maydonlarni ko‘paytirish, yangi bog‘ va xiyobonlar, aholi dam olish maskanlari yaratishga ehtiyoj oshmoqda. Shu jihatlar hisobga olingan holda O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan sobiq harbiy gospital o‘rnida yoshlar kreativ parki tashkil etishga qaror qilindi. Shuningdek, shaharning Vatanparvar mahallasi hududidagi “Vatanparvar bog‘i” zamonaviy innovatsion parkka aylantiriladigan, So‘g‘diyona dahasida ham yana bir yangi istirohat bog‘i tashkil etiladigan bo‘ldi.
Xullas, harbiy gospital o‘rnida 5,4 gektar maydonda zamonaviy yoshlar bog‘i tashkil etishga kirishildi. Hududdagi madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan bino va inshootlardan yoshlar uchun turli to‘garaklar, o‘quv markazlari sifatida foydalanish rejalashtirildi.
Prezident – bog‘ning ilk mehmoni
Qariyb bir yil davomida hududda amalga oshirilgan qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari natijasida maskan ko‘rkam boqqa aylandi. Bu jarayonda hududda mavjud ko‘p yillik daraxtlarning birortasi nobud bo‘lishi yoki kesilishiga yo‘l qo‘yilmadi, aksincha, yana yuzlab manzarali daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazildi, yashil maysazorlar yaratildi. Shu sababli dastlabki paytlarda bu maskan “yashil jamoat parki” deb ham nomlandi. Ammo bog‘ hududida asosan yoshlar uchun zamonaviy va raqamli kutubxona, ko‘p tarmoqli o‘quv markazi, kreativ to‘garaklar, sun’iy intellekt, 3D modellashtirish, robototexnika va kibersport o‘yinlari markazlari, sport zallari tashkil etilgani uchun ham maskanga yoshlar kreativ bog‘i degan nom berildi.
O‘tgan hafta davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, mazkur bog‘da yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, yigit-qizlar bilan suhbatlashdi.
– Bog‘ning ilk mehmoni sifatida Prezidentimizning bu yerga tashrifi, to‘garaklar faoliyati bilan tanishishi yoshlarimizga juda katta motivatsiya berdi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Azizova. – Shu yerda yigit-qizlar o‘z loyihalari, turli tillarni o‘rganayotgani, kasb-hunar egallayotgani haqida gapirib berdi, davlatimiz rahbaridan qimmatli maslahat va tavsiyalar oldi. Shu paytgacha yoshlarga mo‘ljallangan ko‘plab loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish uchun viloyat yoshlar markazidagi sanoqligina xonalardan foydalanishga yoki turli o‘quv markazlarida ishlashga majbur bo‘lardik. Ayrim xonalarimizda bir necha kishi o‘tirib ishlashiga to‘g‘ri kelardi. Mazkur park bu kabi muammolarimizga yechim bo‘ldi. Yoshlar ishlari agentligining “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Qizlar akademiyasi” loyihalari deysizmi, xorijiy tillarni o‘rganish va startap loyihalar markazimi, “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasimi – hammasi ushbu bog‘da joylashdi. Bir nechta o‘quv markazlari, shaxmat klubi tashkil etildi. Bu maskan yoshlar uchun dam olish maskani bo‘lish bilan birga zamonaviy axborot texnologiyalari va sport bilan shug‘ullanish, startap loyihalarni amalga oshirish joyiga aylandi.
Darvoqe, bog‘da “Profi deutsch” nemis tilini o‘qitish va imtihon markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida “Telc” imtihon markazi Markaziy Osiyoda ilk bor Samarqand shahrida ish boshladi. Bu yerda yoshlar nemis tilini o‘rganib, xalqaro “Telc” sertifikatini oladi va bu ularga Germaniyada dual kasbiy ta’limda o‘qishini davom ettirish, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniyatini beradi.
Shuningdek, bog‘da tashkil etilgan “Aloqa bank” va Milliy bankning konsultativ markazlari tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlar va ularning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yaqindan ko‘maklashadi.
Murabbiy Dubaydan Samarqandni afzal bildi
Samarqand viloyati shaxmat federatsiyasi yangi bog‘dagi binolardan birida faoliyatini davom ettirmoqda va bu yerda yuz o‘rinli shaxmat klubi tashkil etildi.
– Bu bizning orzuimizdagidan ham yaxshi joy bo‘ldi, – deydi viloyat shaxmat federatsiyasi ijrosi direktori Ilhom Ergashev. – Shu paytgacha viloyat yoshlar markazidagi bittagina xonada faoliyat olib borardik va u yerda klub tashkil etish yoki to‘rt-beshta yoshni to‘plab musobaqa o‘tkazish haqida o‘ylash ham qiyin edi. Viloyatimiz hokimi, shaxmat federatsiyasi raisining e’tibori, respublika federatsiyamizning qo‘llab-quvvatlashi tufayli bugun mana shunday katta binoga, zamonaviy sharoit va imkoniyatlarga ega bo‘lib turibmiz. Bu yerda yuz o‘rinli ikkita zal, ikkita o‘quv xonasi, zamonaviy kompyuter va elektron doskaga ega mashg‘ulot xonasi, muzey uchun va murabbiylar uchun xonalar mavjud. Bugun Samarqand shaxmatining faxriga aylangan jahon chempionlari Jahongir Vohidov va Afro‘za Hamdamova xonalari tashkil etildi. Aytishim mumkinki, respublikamizdagi hech bir shaxmat federatsiyasi bunday sharoitga ega emas. O‘tgan haftadan federatsiya qoshida shaxmat klubi faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Hozircha 20 nafarga yaqin bolalar mashg‘ulotlarga qatnashni boshladi. Ularga malakali murabbiylar, ikki nafar grossmeyster saboq beradi. Juda mahoratli murabbiyimiz Aleksey Barsov ham bor, shu paytgacha Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi shaxmat klubida ishlardi. Bu yerdagi imkoniyat, sharoitlar bilan tanishgach, faoliyatini shu yerda davom ettirishga qaror qildi.
Bugungi kunda viloyatdagi sport maktablari va o‘quv markazlarida o‘ndan ortiq shaxmat klublari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur klublarda 300 nafarga yaqin yoshlar mashg‘ulotlarga qatnashmoqda. Ayni paytda viloyat shaxmat federatsiyasi joriy yilning sentabr oyida Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga hozirlik ko‘rmoqda.
Chiqindi nazoratidan o‘quvchilar qiziqishini aniqlashgacha
Bog‘dagi binolardan biri sun’iy intellekt va startaplar ofisi hisoblanadi. Ayni paytda bu yerda 10 nafardan ortiq yoshlar sun’iy intellekt asosida bir qator startaplar ustida ishlamoqda.
– Bu yoshlarning barchasi zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt bo‘yicha o‘z startap loyihalariga ega, shu paytgacha bir qator loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan yigit-qizlar hisoblanadi, – deydi Samarqand viloyati hokimining raqamlashtirish bo‘yicha maslahatchisi Ansor Anvarov. – Ular orasida yaqinda o‘tkazilgan “Samarkand AI hakaton” g‘oliblari ham bor. Bu yoshlar ayni paytda viloyatimiz uchun dolzrab bo‘lgan masalalar yuzasidan yangi loyihalar ishlab chiqmoqda. Masalan, Muhammadjon Olimov va Zafar Saidahmadov sun’iy intellekt yordamida chiqindi tashib ketishni boshqarish, “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali baholash loyihalari ustida ishlamoqda. Yana bir guruh esa sun’iy intellekt asosida o‘quvchilarning fanlarga qiziqishi yoki kasb-hunar o‘rganishga moyilligini aniqlaydigan texnologiya yaratish bo‘yicha izlanishlar olib bormoqda. Mazkur ofisning tashkil etilishi dasturchi yoshlarimizga bir joyda ishlab, o‘zaro fikr va tajriba almashish, yangi g‘oya va tashabbuslarni amalga oshirish uchun qulay maskan bo‘ldi.
Bog‘dagi go‘zal tabiat va o‘ziga xos landshaft dizayni, sokinlik va orastalik kishiga zavq beradi. Eng muhimi, bu yerdagi muhit, har bir yigit-qizning o‘z sevgan mashg‘uloti bilan shug‘ullanayotgani, vaqtini samarali o‘tkazayotgani ushbu maskanga davrga mos chinakam kreativlik bag‘ishlamoqda.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari