Har tup niholni asrash burchimizdir
21-mart – Butunjahon o‘rmonlarni himoya qilish kuni
O‘tgan asrning 1971-yil 21-mart kunidan boshlab “Butun jahon o‘rmonlarni himoya qilish kuni” sifatida nishonlab kelinadi. Ushbu sana tashabbuskori 1971-yilda BMTning 23 Bosh Assambleyasi tomonidan Yevropa qishloq xo‘jaligi Konfederatsiyasi o‘rmonlarni himoya qilish mavzusidagi ma’ruzasi sabab bo‘lib, bu g‘oya BMTning Jahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
O‘rmon va uning boyligini saqlab qolish masalasi bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlari uchun eng muhim ekologik muammolar qatorida turibdi. So‘nggi yillarda Yer kurrasidagi o‘rmonlarning yo‘qolib ketishi bilan bog‘liq muammolar butun dunyo xalqaro hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Chunki o‘rmonlarning yo‘q bo‘lishi, avvalo, iqlim o‘zgarishi, atmosfera havosini ifloslanishi, cho‘llanish, o‘simlik va hayvonot dunyosi yo‘q bo‘lib ketishi kabi muammolarni keltirib chiqaradi. Shu sababli mamlakatimizda tabiiy o‘rmonzorlarni saqlash, o‘rmonlarni kengaytirish, mevali va manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Jizzax viloyat hududida, jami 254 ming 407 gektardan ziyod yer maydonlari o‘rmon xo‘jaliklari tasarrufiga kiritilgan. Bugunda, viloyatdagi o‘rmon xo‘jaligiga tegishli yerlarning salkam 84 ming gektar maydoni o‘rmon bilan qoplangan. Shundan, 12 ming 630 gektarini madaniy, 14 ming 908 gektarini tutashmagan, 24 ming 326 gektarini siyrak o‘rmonzorlar tashkil etadi.
Viloyatda o‘rmonzorlarni tashkil etish va ularni muhofaza qilish maqsadida Baxmal, Zomin, Forish, Xo‘jamushkent davlat o‘rmon xo‘jaliklari hamda G‘allaorol ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligi faoliyat yuritib kelmoqda. Mazkur xo‘jaliklarda o‘rmon va ihota daraxtzorlarni barpo etish, ko‘chatxonalar, turli daraxt, buta va gul ko‘chatlarini ko‘paytirish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda.
Jumladan, Zomin davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan o‘tgan 2023-yil davomida 476 gektar yer maydonida o‘rmonzorlar barpo qilindi. Asosan tog‘ va adirliklarda tashkil etilgan o‘rmonlar tomchilatib sug‘orish yo‘li bilan o‘stirildi. 356 gektar yer maydoniga xandon pista, 10 gektariga bodom, 110 gektariga boshqa turdagi mevali daraxt va butalar ekilib parvarish qilinmoqda.
Sharof Rashidov tumani davlat o‘rmon xo‘jaligi 1949-yilda tashkil etilgan. Bu joydagi yer maydoni 4711 gektardan ortiqni, o‘rmon bilan qoplangan maydoni esa 1552 gektarni tashkil etadi. Umumiy maydonga nisbatan 33 foizi o‘rmon bilan qoplangan.

– Xo‘jaligimizda g‘ujumni qayrag‘och daraxtiga payvand qilish orqali qayrag‘och-g‘ujum ko‘chatini yetishtirish bo‘yicha tajriba to‘plangan, – deydi Sharof Rashidov tumanidagi Jizzax davlat o‘rmon xo‘jaligi rahbari Abdukarim Xolmatov. – Ayni paytda 400 ming tup daraxt ko‘chatlari parvarish qilinmoqda. Shuningdek, sersoya va sergul pavloniya daraxti ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha ham yangicha usuldan foydalanilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan joriy yilda viloyat bo‘yicha 2315 gektar yer maydonida o‘rmonzorlar barpo etish belgilab berilgan. Xo‘jaliklar tomonidan melioratsiya obyektlari atrofida hamda qishloq xo‘jaligi yerlarida hosildorlikni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan shamol va suv eroziyalaridan himoyalash uchun 200 gektar yer maydoniga ihota daraxtlari ekish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, o‘rmon xo‘jaliklarida xususiy sektor subyektlari bilan birgalikda limonchilikni 2,2 gektarga ko‘paytirish va o‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi korxonalar daromadlarini 25 million 90 ming so‘mga yetkazish vazifasi yuklatilgan.

O‘rmonzorlar jonli mavjudot uchun toza kislorod ishlab chiqarishda va bizni global issiq hamda cho‘llanishdan saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, har tup niholni asrab avaylash nafaqat soha xodimlarining balki, har bir fuqaroning burchi bo‘lmog‘i lozim.
A.Qayumov, O‘zA.