Har qanday qurilishda eng asosiy mezon sifat, xavfsizlik va jamoatchilik nazorati bo‘lib qolishi lozim
So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari sabab poytaxtimiz nafaqat mamlakatimizning, balki Markaziy Osiyoning eng yirik va muhtasham shaharlaridan biriga aylanib bormoqda, bu esa nafaqat yurtimiz aholisi, balki xorijlik mutaxassislar tomonidan ham yuqori baholanayotgani bejiz emas.
Mamlakatda shunday o‘zgarishlar kechayotgan bir pallada yangi qurilgan ob’ektlarni qulab tushishi qurilish ishlarining sifati, texnik nazorati, loyiha ekspertizasi hamda qabul qilish jarayonida belgilangan talablarga qay darajada rioya etilgani bir qator jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda.
Qayd etish joizki, kuni kecha Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Buyuk Turon” yo‘l o‘tkazgichining bir qismi qulab tushgan. Ushbu inshoot qurilishi uchun davlat byudjetidan 128,6 milliard so‘m mablag‘ sarflangan va 2024-yil avgust oyida foydalanishga topshirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, inshoot qurilishida yuz yildan ortiq xizmat qilish kafolatiga ega bo‘lgan temir konstruksiyalardan foydalanilgan. Lekin foydalanishga topshirilganiga ikki yil bo‘lmay turib, uning bir qismi qulab tushgani jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Bu borada, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mazkur holat yuzasidan quyidagi holatlarga oydinlik kiritilishi lozim, deb hisoblaydi:
Birinchidan, inshootni barpo etishda qurilish me’yorlari, muhandislik standartlari va xavfsizlik talablariga qay darajada rioya etilganlik holati;
Ikkinchidan, ob’ekt bo‘yicha davlat mablag‘larining sarflanishi qanchalik asosli va samarali bo‘lgani, bunda ochiqlik va adolat tamoyillari qay darajada ta’minlanganini ham aniqlashtirish kerak;
Uchinchidan, yo‘l o‘tkazgich bilan bog‘liq voqeaning sabablari atroflicha o‘rganilib, natijalari ochiq va shaffof tarzda jamoatchilikka yetkazilishi, aybdorlar qonun doirasida javobgarlikka tortilishi va adolatni ta’minlanishi hamda kelgusida bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunyodkorlik ishlari yurtimiz taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichidir. Biroq, har qanday qurilish loyihasida eng asosiy mezon sifat, xavfsizlik va jamoatchilik nazorati bo‘lib qolishi kerak.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi