“Har ne istarsen, o‘zingdin istagil!”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan “Har ne istarsen, o‘zingdin istagil!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, bojxona sohasi mutaxassislari va kursantlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, uni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib va tashviq etish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat, adabiyot rivojiga betimsol hissa qo‘shgan ajdodlarimiz merosi har tomonlama va chuqur o‘rganilmoqda. Bu borada xorijiy adabiy manbalarni aniqlash, ularni chop etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Ma’lumki, dunyo tamaddunida biz faxr bilan tilga oladigan har ikkala Sharq Renessansi ajdodlarimiz nomi bilan bog‘lanadi. Ilm-fan, adabiyot, madaniyat, san’atning gullab-yashnagan davri bu shubhasiz, Temuriylar davrini tom ma’noda Temuriylar davri renessansi deyishga to‘la haqlimiz.
Ushbu davrning atoqli va dunyo sivilizatsiyasi, adabiyotiga katta hissa qo‘shgan allomalaridan biri buyuk Alisher Navoiydir. Hazrat Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nainki xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixi rivojida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz ravnaqida alohida o‘rin egallaydi.
Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi, jozibasi, ifoda imkoniyatlarini to‘kis namoyon etib, jahonning millionlab kitobxonlari qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egalladi.
Xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Alisher Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qo‘lyozmalarning faksimile nusxalari mamlakatimizga olib kelinishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Alisher Navoiyning qo‘lyozmalari asosida shoir asarlarining mukammal ilmiy nashri yaratildi.
Yurtimizda Alisher Navoiy yashagan davr, shoir hayoti, ijodi, adabiy muhiti, ustozlari, zamondoshlari va izdoshlari haqida hikoya qiluvchi, asarlarining qo‘lyozma va nashr nusxalari to‘g‘risida ma’lumot beruvchi adabiy-badiiy ko‘rgazmalar tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbirda Alisher Navoiy ijodi, asarlarida ulug‘langan ezgu g‘oyalar xususida batafsil so‘z yuritildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Bojxona instituti kursantlariga adabiyotimiz tarixi, ma’naviyatga oid 300 dan ortiq kitob tuhfa etildi.
Shuningdek, Davlat bojxona organlari xodimlari va kursantlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etishdagi hamkorligi uchun bir qator yozuvchi va ijodkorlar Davlat bojxona qo‘mitasining 30 yilligi munosabati bilan “Ko‘krak nishoni” va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri