Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!
Barchamizga insoniylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik fanidan saboq beradigan Navro‘zi olam bizni tabiat farzandi bo‘lib, vatan tuprog‘ini, ona zamindagi har bir giyohni, ko‘zimizga to‘tiyo qilib yashashga o‘rgatadi. Shu tabarruk bayramda barchamiz tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho ne’mat ekanini, uning qadr-qimmati va ahamiyatini yanada chuqurroq anglaymiz.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga qarashli talabalar turar joyida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan milliy qadriyatlarimizni o‘zida aks ettirgan badiiy-musiqiy chiqishlar, sport musobaqalari va turli tanlovlardan iborat “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim” g‘oyasi ostidagi bayram sayllari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur bayram tadbirida O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, universitet prorektorlari, bo‘lim boshliqlari, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Shuningdek, bayram tadbiriga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Olmazor tumani “Yoshlik” talabalar shaharchasi va boshqa idora-tashkilot vakillari mehmon sifatida taklif qilindi.
[gallery-11048]
Bayram sayllari davomida universitetga qarashli barcha talabalar turar joylari hududi bo‘ylab respublikamiz viloyatlarining urf-odatlari va milliy qadriyat va an’analarining namoyishi, talaba-yoshlar o‘rtasida “Mohir oshpazlar” ko‘rik tanlovi hamda turli sport o‘yinlari, jumladan, kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish, stol tennisi, shaxmat va shashka musobaqalari o‘tkazildi. Bayram sayliga tashrif buyurgan mehmonlarda talabalar tomonidan tashkil etilgan sahna ko‘rinishlari katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlarni bayram bilan tabriklab, o‘z so‘zida Navro‘zi olam azal-azaldan keng nishonlanib, insonlar o‘rtasida mehr-muruvvat, diyonat, adolat va insoniylik tamoyilini targ‘ib etish, yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida kamol toptirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Bayram sayli davomida rektor boshchiligida hakamlar hay’ati raisi va a’zolari talabalar turar joylari o‘rtasida o‘tkazilgan viloyatlarning urf-odatlari va milliy qadriyatlari namoyishi, fakultet talaba-yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Mohir oshpazlar” osh chempionatini ko‘zdan kechirib baholab bordilar.
Necha ming yillar davomida azaliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etib, ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lib kelayotgan Navro‘zning o‘rni va mohiyati oshib borayotgani quvonarli. Xalqimiz uchun tabiat uyg‘onishi, sharqona yangi yilning boshlanishi, asl milliy, eng ardoqli bayram bo‘lmish Navro‘z ayyomini yurtimizning barcha hudud va mintaqalarida har tomonlama chuqur tayyorgarlik bilan kutib olish va nishonlash ezgu, bir so‘z bilan aytganda, tabiiy an’anaga aylanib qolgan.
O‘zMU Axborot xizmati,
O‘zA