Har gilamki, ko‘zni quvnatadi
Navoiy shahrida “Ishonch gilam” O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasi ish boshladi.
Navoiy shahrida “Ishonch gilam” O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasi ish boshladi.Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samaralarini bermoqda. Navoiy viloyatida joriy yilning birinchi yarmida ana shu maqsadlar uchun 8,8 million AQSh dollari miqdorida sarmoya o‘zlashtirildi.
Muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan “Hong hua tea”, “Navoiy Milling”, “Navbahor textile” kabi chet el korxonalarida choy, fosfor kukuni, kalava ip tayyorlanayotgan bo‘lsa, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududidagi “UzHongkong” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasida mobil telefonlar ishlab chiqarilmoqda. Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi natijasida 121 yangi ish o‘rni yaratildi.
– “Ipak yo‘li” bankining viloyat filialidan olingan 4 milliard so‘mlik kredit mablag‘i evaziga faoliyat boshladik, – deydi “Ishonch gilam” qo‘shma korxonasi direktori Shavkat Xolnazarov. – Bu yerda mehnat qilayotgan qirqdan ziyod ishchi-xodimning asosiy qismi yoshlardir. Komputerlashtirilgan zamonaviy gilam to‘qish dastgohlarini yoshlar mahorat bilan boshqarmoqda.
– Navoiy informatika va elektron sanoat kasb-hunar kollejini bitirib, shu yerda dizayner sifatida ish boshladim, – deydi Anvar Axtamov. – Kasbimga juda qiziqaman. Bu yerda ishchilar uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan.
Bir kunda 1,5 ming kvadrat metr gilam tayyorlash quvvatiga ega mazkur korxona mahsulotlarini kelgusida xorijga eksport qilish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Mahsulot tayyorlashda milliy va zamonaviy dizayn uyg‘unligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir.