Har gektar paxta maydonidan 90 sentnerdan hosil olinmoqda
Yaqinda Do‘stlik tumanidagi “Eshbek ota” fermer xo‘jaligida har gektar paxta maydonidan 70 sentnerdan hosil olingani haqida xabar bergan edik.

Zafarobod tumanidagi “Forish yo‘llari” fermer xo‘jaligida bu ko‘rsatkich ortda qoldirilib, mirishkor dehqonlar har gektar maydondan 90 sentnerdan hosil olishga erishdi. Bu nafaqat jizzaxliklar, butun O‘zbekiston paxtakorlarini ilhomlantirmoqda.
Hosildorlikdagi bunday ulkan natija, albatta, tasodif emas. Rustam Rayimqulov rahbarligidagi xo‘jalik yer maydoni katta bo‘lmasada, amalga oshirilayotgan ishlar miqyosi yuksak.
– Umumiy maydonimiz 100 gektar bo‘lib, shundan 40 gektari paxtazordir. Paxta maydonimizning 30 gektariga joriy yil 6 aprelda Xitoy Xalq Respublikasida yaratilgan va o‘zimizda iqlimlashtirilgan “Xitoy–57” navli urug‘ni 76 sxemada ekan edik, – deydi “Forish yo‘llari” fermer xo‘jaligi raisi Rustam Rayimqulov. –Zamonaviy tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etdik. 1 gektarga 180-185 mingta ko‘chat to‘g‘ri keladi. Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va talab darajasida amalga oshirdik. 25 yildan buyon fermerlik qilib kelayotgan bo‘lsamda, bunaqa yuqori hosilni birinchi marta ko‘rishim. Bularning barchasi muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida qishloq xo‘jaligida amalga oshrilayotgan keng qamrovli islohotlarning yorqin samarasidir, deb bilaman.
Eng muhimi, fermerlar o‘z ishiga ishonch va mehr bilan yondashdi. Va bu mehnat natijasini ko‘rsatdi: O‘zbekiston paxtachiligi tarixida ilk bor har gektardan 90 sentnerdan ziyod hosil olingani qayd qilindi.
Bu raqam oddiy statistika emas, yurtimizda fermerlik madaniyatining yuksalayotgani, innovatsiya va zamonaviy yechimlarga ishonchning ortib borayotganini anglatadi. Terim jarayonida zamonaviy texnologiyalar ham muhim o‘rin tutdi. Xitoyda ishlab chiqarilgan “Boshiran 4MZ-4A” rusumdagi 4 qatorli paxta terish kombaynlari orqali hosilning bir misqoli ham qoldirilmay, tez va sifatli yig‘ib olinmoqda. Bu nafaqat ishni yengillashtirmoqda, balki inson salohiyatini boshqa muhim jarayonlarga yo‘naltirish imkonini ham yaratmoqda.
“Forish yo‘llari”dagi muhitda bir narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi: bu yerda mehnat ulug‘lanadi. Fermer ishchilari har tup g‘o‘zadagi hosilni ehtiyotkorlik bilan yig‘ib olmoqda, bu mehnat va mehr zamirida shukronalik va iftixor mujassam.
Bu yutuq “Forish yo‘llari” jamoasining emas, balki Jizzax viloyatining agrar salohiyati, fermerlik madaniyati yuksalayotganini tasdiqlaydigan hayotiy misoldir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri