Har bir xodimning mehnat huquqi kafolatlangan
Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.
8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 37-moddasi.
Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi D.M (ism, sharifi o‘zgartirilgan) o‘ttiz yilga yaqin “DUNYO-M” AJ harbiylashgan qo‘riqlov bo‘limida qorovul lavozimida ishlab kelayotgan edi. Joriy yil may oyida jamiyat raisi D.Mni ogohlantirmasdan “Nishon” don qabul qilish maskani mavsumiy qorovuli vazifasiga o‘tkazadi.
Tabiiyki, D.M buning sababini bilishga qiziqib, jamiyat raisidan izoh va ishiga qayta tiklashni so‘raydi. Rahbaridan tayinli javob ololmagach, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudiga Konstitutsion huquqlari tiklashni so‘rab, murojaat qiladi.
Sud tomonidan fuqaro D.M qonun talablariga zid ravishda boshqa ishga o‘tkazilganligi, shu bilan birga, tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 3 va 4-bandi, 101 va 102-moddalariga zid ravishda bekor qilinganligi aniqlandi.
Shu boisdan sud jamiyat raisining tegishli buyrug‘ini bekor qilish va xodim D.Mni avvalgi vazifasiga ishga tiklashni lozim topdi. Shuningdek, D.Mning ma’naviy zarar ko‘rganligini inobatga olib, sud qarori bilan jamiyatdan D.M foydasiga 2 million so‘m ma’naviy zarar undirildi.
Yurtimizda har bir inson va uning huquqlari Konstitutsiyamiz bilan himoyalangan. Ushbu holatda ham fuqaro D.Mning Konstitutsion huquqlari tiklandi.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 44-moddasida har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA