Har bir bola mehr va e’tiborda
O‘zLiDeP Buxoro viloyati Kengashi tomonidan 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida davolanayotgan bolajonlar uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda shifoxona bosh shifokori G‘afur Saidov, O‘zLiDeP viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, apparat rahbari Bobomurod Ochilov, partiya shahar Kengashi raisi Jonibek Matniyozov, partiya viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Robiya Salixova va boshqalar Yangi O‘zbekiston sharoitida har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, avvalo, oila, onalik hamda bolalikni muhofaza qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olinganligini ta’kidladi. Buning uchun yurtimizda barcha sharoitlar yaratib berilganligini, O‘zLiDePning dasturiy maqsad va vazifalari orasida aynan shu masalalar ham yetakchi o‘rin egallashi qayd etildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida bugungi kunda 243 nafar bemorlar davolanmoqda. Markazda 86 nafar malakali shifokorlar faoliyat olib bormoqda. Viloyat bo‘yicha shu kungacha 243 nafar bemor xavfli o‘sma kasalligi bo‘yicha dispanser nazoratiga olingan. Markazda barcha bemorlarning shifo olib, hayotga qaytishlari uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. Bu yerdagi bo‘limlar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan.
[gallery-7419]
–Og‘ir kasallikka chalingan uch yoshli qizimni 4 bosqichda davolashga to‘g‘ri keldi, – deydi Buxoro shahri Piridastgir ko‘chasi 1-uy 60-xonadonida istiqomat qiluvchi Maryam Xoliqova. – Besh oy davom etgan muolajalar qo‘li yengil shifokor Isroil Adizov va uning hamkasblari bilim va mahorati tufayli o‘z samarasini berdi. Qizim o‘zini ancha yaxshi his etmoqda. Barcha shifokorlarga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Bayram munosabati bilan tashkilotchilar tomonidan bolalar uchun turli xil ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etildi. Ularga bir qator shirinlik va pishiriqlar ulashildi.
O‘zbekiston yoshlar agentligi viloyat bo‘limi hamda “Kamalak” bolalar tashkiloti yosh ijrochilari tomonidan kuylangan qo‘shiq, ijro etilgan raqslar bu yerda davolanayotgan o‘g‘il-qizlar hamda tadbir ishtirokchilariga bir olam quvonch ulashdi. Shuningdek, bayramda ishtirok etgan barcha bolalar partiya viloyat Kengashi va deputatlarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning mazmun-mohiyatini tashkil qiluvchi “Inson qadri uchun” tamoyili albatta, bolalarga g‘amxo‘rlikni ham nazarda tutadi. Viloyat onkologiya dispanserida o‘tkazilgan bayram tadbiri ana shu tamoyilning amaldagi ijrosi bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri