Haqiqat yohud sakkizinchi rang
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari nomzodi Toshtemir Turdiyevning fazilatlari yakkalam qilingan maqola, she’r, yozishma va boshqa bitiklar jamlangan “Denov: e’tirof va ehtirom” kitobi yurtimiz, ayniqsa Surxondaryo ziyoli va mehnat ahli orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi.
Kitobdan yetmishdan ortiq maqolalar joy olgan. Ularni sinchiklab qayta-qayta o‘qib chiqdim. Do‘stim Toshtemir Turdiyev siyratining biror arzimas qirrasini ham menga qoldirmasdan qalamga olgan sinchkov, topqir, hozirjavob muharriru muxbirlarning samimiy va beg‘ubor mehnatlariga mahliyoman. Bular haqiqat. Haqiqat esa atrofimizda yuz berayotgan voqea va hodisalarning miyamizdagi in’ikosidir.
O‘zbekiston Qaxramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning Toshtemir Turdiyevni “uka”, demasdan “do‘stim” deyman, Xursand Xoliqovning “ustozni biror kishi yuzi u yoqda tursin, orqasidan ham so‘kkanini, hech bo‘lmaganda achchiq gap aytganini eshitmaganman”, Baxrom Mamatqulovning “Men Oltinsoy tumanida tug‘ilib, voyaga yetganim uchun dadil ayta olaman, oltinsoyliklarning ko‘pi Toshtemir akani “taniydi”. Vaholanki, Toshtemir aka Oltinsoy tumanida bir kun ham ishlagan emas”, Eshqobil Shukurning “Toshtemir aka o‘zi hammaga el bo‘lishni istaydi va hammaning bir biriga el bo‘lishini istaydi... U ichi keng odam... Surxondaryo dashtlariday keng, osonlikcha toriqmaydi... Or qiladi. Chunki u “Alpomish”ni zo‘r biladi-da” (va boshqa ijodkorlarning) kabi iqror va hayratnomalari Toshtemir Turdiyevga xos va mos tabiiy xaqiqatning badiiy xaqiqat darajasidagi bayonidir.
Badiiy xaqiqatlar nisbiylik bilan etu tirnoq. Ular mutloq haqiqatning shunchaki bosqichlaridan iborat. Toshtemir Turdiyev tabiatiga taalluqli haqiqatlarni jamoatchilik fikri, ijtimoiy amaliyot ertaga yanada aniqlashtirib, tinimsiz to‘ldirib, mutloq xaqiqat maqomiga olib chiqadi. Ayni shu ma’noda, Denovning Toshtemir Turdiyevning ichki qiyofasiga nisbatan “e’tirof va ehtirom”ining hanuz cheki, chegarasi ko‘rinmaydi. Denovliklar haqida hali kitoblarda yozilmagan, yozilishi shart va lozim bo‘lgan haqiqatlar bisyor.
O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid chuqur mulohazali, yetti o‘lchab bir kesadigan, topib va tanlab, o‘ylab yozadigan shoir. U qo‘limizdagi kitobda Toshtemir Turdiyevni “Tosh va “Temir”ga qiyoslabdi. Zotan, “Tosh” ham, “Temir” ham mangulikka, mangu xaqiqatga daxldor unsurlardan. Men Denov ahli quvonganda birga quvonib, yig‘laganda ularga qo‘shilib birga yig‘laydigan jon-jigar, birodarim Toshtemir Turdiyevga “Tosh” bilan “Temir”ning mustahkam tabiati va ularning umrini tilayman.
“Denov: e’tirof va ehtirom” kitobida abadiy xaqiqatga daxldor so‘z va milliy topildiqlarga San’atshunoslik ilmiy tadqiqot bo‘lim mudiri, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Edvard Rtveladze, Yaponiyaning Soka universiteti professori Kyudzo Kato, tarix fanlari nomzodi Bahodir Turg‘unov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Nazar To‘rayevning maqolalarida to‘qnash kelasiz. Tabiatshunos olimu qadimshunos allomalarning fikru qaydlari uzoq moziyga daxldor, mangu haqiqatga tegishli, rad qilish mumkin bo‘lmagan, o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas dalillardir. Bunday tarixiy qadriyatlar bilan bizni kamida ikki-uch ming yillik masofa bog‘lab turibdi.
Shoir yozadi:
Topganim haqiqat, topmaganlarim
Hayotni xayrat ham sayqalga o‘rang.
Ziyo ham farishta, yaxshi yomonni
Kitobga qo‘yilgan xaykaldan so‘rang.
Go‘zal ham, g‘azal ham uyat, andisha,
Armon, kemtigimni yoparsan, bolam.
Men bilgan, bilmagan haqiqatlar ko‘p,
Ularni kitobdan toparsan, bolam.
O‘zingni angla ham unutma zinhor
Ertak ham qasida, ota ham ona.
Mustaqil Vatan ham, hayot ham Qomus
Avesto, Qur’on ham haqiqatxona.
Ularning asos ham mezoni mehnat,
Til bilan tafakkur, tarozi ham sang.
Nisbiy yo absolyut, mangu haqiqat
Inson ham, mehri ham sakkizinchi rang.
Haqiqatdan ham kitob qadriyat, tarixiy topilmalar ham, inson ham, “sakkizinchi rang” ham qadriyat. Inson farzandlarining qo‘lidan kelmaydigan yumush yo‘q. Bir tus rangning qirqdan ortiq turini bir-biridan farqlay bilishga qodir musavvir mavjud yetti rangdan foydalanib, surat chizadi. Biroq bitta asosiy – “sakkizinchi rang”ni ularga qo‘shmasa surat quruq, be’tasir, jonsiz chiqadi. “Sakkizinchi rang” yetishmasa taom ko‘ngildagiday bo‘lmaydi. Barcha ranglar rangini o‘zgartiradigan, taomning sifatiga sifat qo‘shadigan bu “sakkizinchi rang”. Mavlono Abduxoliq G‘ijduvoniyning “Maqsad as solikin” kitobida bayon qilingani misol u yurakdagi muhrdir, muhabbatdir.
Do‘stim Toshtemir Turdiyevning siyrati, botini bir katta g‘ulg‘ula shaharga, sakkizinchi rangning zavol bilmas, ming ko‘zli sarchashmasiga o‘xshaydi. Zotan, olamning istalgan nuqtasidagi nurning yetti xil rangda tovlanishini ko‘rish, kuzatish mumkin. Chunki ular moddiydir. Bizning nazarimizdagi sakkizinchi rangni esa eng zamoaviy qurilmalar ham qayd qilishga qodir emas. Sababi, sakkizinchi rang, ya’ni mehru muhabbat faqat notirik tabiatning ajralmas bo‘lagi bo‘lmish tirik tabiatga, shu jumladan, insonlarga xos bo‘lgan botiniy, ma’naviy xususiyatdir.
Ma’naviy boylik, ya’ni o‘sha sakkizinchi rangning qancha va qandayligi insonning sochi oq olamga, kurrai zaminga, Vataniga, ota-onaga, odamlarning bir-biriga bo‘lgan xolisona munosabatlarida namoyon bo‘ladi. U yuqoridagi munosabatlar jarayonida moddiy kuchga, bitmas-tuganmas ilhom va g‘ayrat-shijoatga aylanadi.
Toshtemir Turdiyevda shunday bo‘ldi. “Denov: e’tirof va ehtirom” kitobida bor va tor gaplar sakkizinchi rang, ya’ni xaqiqatning oq qog‘ozdagi surati bo‘ldi. Qadriyatga, kitobxonlarni hayajonlantiruvchi ob’ektiv haqiqatga aylandi.
Toshtemir ota yurti, ustozlari, kindik qoni tomgan go‘shani qamrab olgan hudud – Denovni ulug‘lab, hozirgacha yigirmadan ortiq kitob yozib ulgurgan. U kitoblar siz o‘ylagan, biz to‘qnash kelgan ba’zi kitoblardan emas. Ularning surat va siyrati, mazmun va mohiyati, zimmasidagi ijtimoiy yuki va tarixiy salmog‘i, shirin so‘zi va shirali satri umr bo‘yi ota-ona visoliga intiq mungli ko‘zning yoshi, yalang oyoq va yupun yetimcha qalbning dardi, g‘arib va notavon yuragining isyonidan qad rostlagan, o‘ylab va o‘rtanib yozilgan asarlardir.
Uning men o‘qigan asarlari satri qat-qatidan yuqoridagilardan tashqari chimu chechak, gulu gulzor, g‘alla, paxta, pilla va tillali muqaddas ona tuproqning xushbo‘y xidi anqiydi. Aslida ham Denov azaldan quyosh ardog‘idagi yurt, obihayotga oshna qadim va tabarruk zamin. Shu ma’noda Toshtemir Turdiyev Chag‘aniyonning 2500 yillik to‘yi ilinjida atrofiga ziyoli, ishbilarmonlar jamoasini jamlash uchun ko‘p yillardan buyon jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda. Toshtemir Turdiyev bilan Buxoroda Pedagogika universitetining “tarix - filologiya” fakulteti binosida, taniqli shoir Toshpo‘lat Hamidning “Yosh qalamkashlar to‘garagi” davrasida tanishganmiz. She’riyatning o‘ziga xos jozibali jihatlarini O‘zbekiston Xalq shoiri Jamol Kamoldan o‘rganganmiz. Talabalik yillarimiz zavqu shavq, ilhomu ishonch, mutolaa, xullas, betakror tarovatli mehnat bilan o‘tgan. Mashq, mashq, muhokama. Shu tariqa Toshtemirning “Yodingdami?” she’ri, Muzaffar Tursunning “Yamoq” hikoyasi, mening “Arslontosh” asarim dunyoga kelgan edi.
Xushboq Rahimov, falsafa fanlari nomzodi, shoir.