Hamshiralik sohasi bugun qay darajada qoniqarli?
«Bemorlarga qarash – rassomlik va haykaltaroshlik kabi san’at. Parvarish qilish san’ati eng oliy san’at hisoblanadi», degan edi hamshiralik ishi asoschisi Florens Naytingeyl o‘z davrida. Darhaqiqat, hamshiralik kasbi ham shifokornikidan kam bo‘lmagan holda mas’uliyatli, murakkab va sharafli kasb sanaladi.
Mahalla hamshirasi bo‘lish shifoxonadagidan ko‘ra ikki karra og‘irroq desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi, turli odamlar, turli bemorlar, turli xarakterlar bilan individual ishlash uchun tibbiyot xodimidan juda katta sabr va matonat talab etiladi. Aholi eng ko‘p murojaat qiluvchi tibbiy xodim ham, bu — hamshira. Hamshiralik sohasi bugun qay darajada qoniqarli? Bu borada yig‘ilgan turli fikr-mulohazalarni e’tiboringizga havola etamiz.
PATRONAJ HAMSHIRASI ASLIDA KIM?
Keling, avvalo, bu haqda to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmagan yurtdoshlarimiz uchun tushuntirish berib o‘tsak. Patronaj xizmati, bu - poliklinikalar, ayollar maslahatxonalari, sil dispanseri va boshqa xil dispanserlar tomonidan yosh bolalar, homiladorlar, turli yoshdagi nogironlarga va ayrim bemorlarga uy sharoitida tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi. Poliklinikalarda ma’lum bir shifokorga u xizmat qiladigan uchastka biriktiriladi, shuningdek, bir yoki ikkita patronaj hamshira yordam beradi, ular o‘z uchastkasidagi aholiga uyda tibbiy yordam ko‘rsatadi.
Biror-bir xonadon a’zosi kasal bo‘lib qolsa, qanday parvarish qilishni boshqalarga o‘rgatadi. Ayniqsa, ona tug‘ruqxonadan chiqqanidan keyin uch kun orasida patronaj hamshira yoki shifokor uyga borib, chaqaloqni sinchiklab tekshiradi va vaqti-vaqti bilan bolaning holidan xabar olib turadi. Ammo aksariyat odamlar mahalla hamshiralarining vakolat doirasida nimalar borligini bilmaydi. Mavzu yuzasidan o‘tkazilgan so‘rovnoma orqali ma’lum bo‘ldiki, ayrim, ayniqsa, chekka hududlarda patronaj va aholi hamkorligi sust.
Shohista Yunusaliyeva, jurnalist (Toshkent viloyati, Yangi yo‘l tumani):
– Farzandimni dunyoga keltirish arafasida bir kuni tuman poliklinikasida ko‘rikdan o‘tgani borgan edim, nazorat varag‘ini qidirib qolishdi va hamshirangizdan bilib keling, qayerda ekan, deyishdi. Hamshiramni tanimayman, deb javob berdim. Haqiqatdan ham bilmasdim. Farzandli bo‘lganimdan keyin o‘zim telefon orqali falon oylik bo‘ldik, bizda emlash vaqti kelmadimi, deya o‘zim so‘raydigan bo‘ldim patronajdan. Aslida har oyda kelib oila a’zolarini ko‘rikdan o‘tkazishi kerak emasmi, ular?
Tibbiyot mutaxassislarining ma’lumot berishicha, patronaj hamshira o‘ziga biriktirilgan xonadon a’zolarining sog‘lig‘ini, oilaning moddiy-maishiy turmushini o‘rganib borishi lozim. U vazifasiga ko‘ra, raxit, sil, me’da-ichak kabi turli kasalliklarning oldini olish, chechak, difteriya, ko‘kyo‘tal, poliomiyelit, silga qarshi emlash kabi bir nechta jarayonlarning ahamiyatini aholiga tushuntiradi. Patronajni tanimaydigan aholida ishiga loqaydlik bilan qaragan hamshiralarga chora ko‘riladimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Mening qo‘l ostimda 14 ta patronaj hamshira biriktirilgan. Ular nafaqat bolalarga, balki barcha kontingentga barobar qaraydi, — deydi Sirdaryo viloyati, Mirzoobod tumani 12-sonli oilaviy poliklinika katta hamshirasi Dilorom Omonova. — Hamshira homilador ayollar, bolalar va qariyalar salomatligidan, ayniqsa, bemori bor xonadondan tez-tez xabar olib turishi kerak. Agar ishiga loqaydlik bilan qarasa, bir marta og‘zaki, bir marta yozma ogohlantirish beriladi. Uchinchi marta takrorlansa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishdan olinadi. Bu jarayonda odamlarning o‘zidan ham e’tibor va faollik talab etiladi.
HADDAN ZIYOD TASHRIFLAR...
Ma’lumotlarga ko‘ra, xonadonlarda o‘tkaziladigan patronaj tashriflarining haddan tashqari ko‘pligi patronaj xizmati sifatining susayishiga sabab bo‘lmoqda. Chunki tashriflar qisqa muddatli bo‘lib, hamshiralar ona va bolaning jismoniy salomatligini baholashga, bolani navbatdagi emlashga yoki faol ko‘rikka taklif qilishga qaratilgan.
Hamshira ish vaqtining qolgan qismini bolaning tibbiy hujjatlarini to‘ldirish yoki ko‘rik vaqtidagi shifokor tavsiyalarini bajarish uchun sarflaydi. Xo‘sh, bugungi patronajlar faoliyati qoniqarlimi? Bu borada mutaxassislar nima deydi?
Rixsi Solixo‘jayeva, Respublika bosh hamshirasi:
- Ayni paytda pandemiya sharoitida aksariyat aholi uyga bog‘langanligini hisobga olib, patronaj hamshiralarini yanada malakasini oshirishga jiddiy e’tibor qaratmoqdamiz. Jumladan, may oyida Litva tibbiyot birlashmasi bosh shifokorlar assotsiatsiyasi prezidenti Kyastutis Shtaras hamda bolalar va o‘smirlar psixologi, COVID-19 emlash markazi rahbari Dayva Grikshene kabi xorijlik malakali mutaxassislar bilan vebinar o‘tkazildi. Bundan tashqari, ayni kunlarda respublikamizning barcha hududlarida o‘n kunlik offlayn seminar o‘tkazildi. Bunda hamshiralarimiz nafaqat malaka oshirdi, balki faoliyati davomidagi tajribalarini sinovdan o‘tkazdi ham. Sababi seminarlarda amaliy mashg‘ulotlarga ko‘proq urg‘u berildi. Patronaj va aholi hamkorligi haqida gapirganda, aniq bir to‘xtamni ayta olmaymiz hech birimiz. Sababi bemorlar turli xarakterlarga ega. Yaxshi patronaj xizmatidan ham qoniqmaydigan odamlar yo‘q emas. Turli fe’l-atvorga ega bemorlar bilan ishlash mushkulligi uchun ham patronaj xizmatida kadrlar yetishmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazgan so‘rovnomamiz natijasida patronaj hamshirasiga havas qilib farzandiga uning ismini bergan ota-onalar ham borligiga guvoh bo‘ldik. Shu bilan birga, so‘rovnomada ijobiy fikr bildirganlar ham, salbiy fikr bildirganlar ham, patronaj o‘zi kim deya savol berganlar ham bo‘ldi. Fikrimizcha, patronaj xizmatlarini rag‘batlantirishga, ayni paytda, ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashayotgan kadrlar faoliyatini atroflicha nazorat qilishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqilishi kerak.
Nurxon Turg‘unboyeva o‘qituvchi (Andijon viloyati, Shahrixon tumani):
- Yil boshida kutilmaganda COVID bo‘lib qoldim va 1 fevral kuni shifoxonaga yotdim, oyog‘imni bosa olmay qolgandim. Tug‘ruq payti hamshiralar ketma-ket og‘riq qoldiradigan ukol qilishdi. Farzandim dunyoga kelmay nobud bo‘ldi. Oxiri qaynonam kelinimning o‘ziga ham biror ziyon yetmasin, deb qo‘rqib operatsiya qildirdi. Mana, oradan necha oylar o‘tdi, bitta patronaj kelib, operatsiya bo‘lding, bolang nobud bo‘ldi, hozir yaxshimisan, deb qo‘ygani yo‘q… Homilador paytimda ham o‘zim chiqar edim hamshira axtarib. Shu sabab patronaj hamshiralar faoliyatidan zarracha qoniqmayman. Toshkentga ko‘chib ketgimiz keladi ba’zida. Qaydam, poytaxtda baribir sharoit yaxshi deb o‘ylaydi ko‘pchilik...
XORIJLIK MUTAXASSISLAR FIKRIGA KO‘RA...
Sog‘liqni saqlash vazirligi va YUNISEF tomonidan patronaj hamshiralar ishini tashkil etishga bag‘ishlab chop etilgan ilmiy-amaliy qo‘llanmada qayd etilishicha, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmatini zamonaviylashtirish va patronaj xizmatining yangi modeliga o‘tish zarurati, homilador va farzand ko‘rgan ayollar hamda yosh bolalarning xonadonlariga tashrif buyurish tizimining zamonaviy sifat talablariga yetarlicha javob bermagani sababli vujudga kelgan.
Markaziy va Sharqiy Yevropada, jumladan, O‘zbekistonda olib borilgan izlanishlar natijasiga ko‘ra, patronaj tashriflari davomida kasalliklar, shikastlanishlar, baxtsiz hodisalar, huquqbuzarlik va zo‘ravonliklarning oldini olishga, bolalarning jismoniy, ruhiy-ijtimoiy va hissiy rivojlanishini izdan chiqaruvchi xavflarni erta aniqlashga qaratilgan asosiy maqsadlar to‘liq bajarilmaganligi aniqlangan.
Litva tibbiyot birlashmasi bosh shifokorlar assotsiatsiyasi prezidenti Kyastutis Shtarasning so‘zlariga ko‘ra, hamshiralar bemorlar bilan muloqot qilish orqali patronaj xizmatlarining uzluksizligini ta’minlaydi va shu bilan aholi salomatligini saqlashga hissa qo‘shadi.
— Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, aholining o‘z uylarida mustaqil tibbiy chora ko‘ra olishi yaxlit sog‘liqni saqlash sifatini oshiradi. Bunda albatta patronaj hamshiralarning olib boradigan faol tushuntirish ishlari muhim ahamiyatga ega, — deya qo‘shimcha qiladi u.
Bir so‘z bilan aytganda, patronaj xizmati tizim e’tibordan biroz chetda qolib ketmayaptimi?
Yulduz O‘rmonova, O‘zA