Hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
“BMB HOLDING” kompaniyasi bosh direktorining xalqaro munosabatlar va investitsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xayrulla Nabijonov “AMC Overseas UAE” (Birlashgan Arab Amirliklari) kompaniyasi rahbari, janob Shuvra Chakraborti bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida Xayrulla Nabijonov xorijlik mehmonga “BMB HOLDING” kompaniyasi faoliyati hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdagi mavjud imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumotlar berdi.

O‘z navbatida janob Shuvra Chakraborti kompaniya bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini hamda o‘zi va biznes sohasidagi 30 yillik tajribasi haqida so‘z yuritib, u ayni paytda O‘zbekiston davlat idoralariga konsultant sifatida jalb etilayotganidan juda ham mamnun ekanligini ta’kidladi.

Muloqot davomida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida mahsulot va xizmatlarni xorijiy bozorlarga eksport qilish, Xoldingning top-menejerlari uchun malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda janob Shuvra Chakrabortining joriy yil 9 - 19 aprel kunlari “BMB HOLDING” kompaniyasiga qarashli korxonalarga tashrifini tashkil etish, media-marketing yo‘nalishida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
A.Qayumov,
O‘zA