Hamkorlik aloqalari kengaymoqda
Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, professor Muhiddin Kalonov va Amerika Qo‘shma Shtatlari Minnesota universiteti prorektori, professor X.Charlz o‘rtasida o‘zaro aloqalarni o‘rnatish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Navoiy davlat pedagogika instituti tomonidan turli mamlakatlar bilan zamonaviy ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va ularni mustahkamlash maqsadida tizimli ishlar olib bormoqda.

Uchrashuvda Navoiy viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, jumladan, Navoiy davlat pedagogika institutining ilmiy salohiyati, hamkorlik ko‘lami, shuningdek, Amerika ta’lim tizimi, dars jarayonlari, ilmiy-innovatsion loyihalar to‘g‘risida o‘zaro fikr almashildi.
Shundan so‘ng ikkala tomon o‘rtasida ta’lim tizimini rivojlantirish, ilmiy-amaliy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish hamda kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Memorandumda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik loyihalarini amalga oshirish, biologiya, kimyo va tibbiyot yo‘nalishlaridagi talabalar hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga quyish, fan dasturlari va sillabuslarni birgalikda takomillashtirib borish, professor-o‘qituvchilarni tizimli stajirovkaga yuborish kabilar o‘rin olgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri