Hamdo‘stlik aloqalari mustahkamlanmoqda
So‘nggi yillarda yurtimiz o‘g‘il-qizlari jahonning ko‘plab nufuzli oliygohlarida tahsil olmoqda. Shu o‘rinda mamlakatimizda ham chet el fuqarolarining ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi uchun qator qulaylik va imkoniyatlar yaratilgan.
Bundan to‘rt yil muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi tashkil etilgan edi.
Markazning 750 o‘rinli o‘quv binosi, qishki va yozgi oshxona, faollar zali, o‘quv xonalari, zamonaviy kutubxona, talabalar turar joyi binosi va barcha sport turlariga mo‘ljallangan o‘yingoh afg‘on yoshlari xizmatida.
[gallery-2280]
2018-2019 o‘quv yili davomida 96 nafar afg‘onistonlik talaba “O‘zbek tili va adabiyoti” yo‘nalishida tahsil olib, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetining “bakalavr” diplomiga ega bo‘ldi. Hozirda markazda 192 nafar yigit-qiz tahsil olmoqda.
Talabalar markazda ta’lim olish bilan birgalikda, oliy ta’lim muassasalari, viloyat va respublika miqyosida ta’sis etilgan ko‘rik-tanlovlar, musobaqalar, konferensiyalarda faol ishtirok etib, qator yutuqlarga ham erishmoqda. Xususan, ularning “Boysun bahori”, “Nurli navolar” xalqaro folklor festivallari hamda “Yoshlar kelajak bunyodkori”, “Do‘ppi” milliy festivali, “Markaziy Osiyo yoshlar forumi”, “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovidagi muvaffaqiyatli ishtiroki diqqatga sazovor.
O‘tgan to‘rt yil afg‘onistonlik talabalar hayotida ulkan iz qoldirganidan ham bilish mumkinki, o‘zaro qo‘shnichilik va hamdo‘stlik aloqalari kun sayin mustahkamlanib bormoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (O‘zA)