Ham oila, ham davlat ishini eplash – insonning oʻziga bogʻliq
Men davlat xizmatchisiman
Davlat xizmatchisi davlat tashkilotlarida turli lavozim va vazifalarda xizmat koʻrsatayotgan, yurt buguni va ertasi uchun zimmasidagi vazifalarini bajarayotgan masʼul. Uning masʼuliyatliligi, oʻz ishiga sidqidildan yondashishi, davlat organining vazifa va vakolatlariga munosib tarzda harakat qilishi — oʻsha davlat organining, jamiyatning, xalqning, mamlakatning ravnaqiga kattami, kichikmi hissa boʻlib qoʻshiladi.
Bugun oramizda minglab ana shunday fidoyi davlat xizmatchilari oʻz faoliyatini sidqidildan amalga oshirib kelayotir. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Xalqaro hamkorlik sektori boshligʻi Dilorom Qoʻziyeva koʻp yillardan buyon turli tashkilot va idoralarda faoliyat koʻrsatib kelayotgan davlat xizmatchilaridan biridir. Dilorom opa bilan suhbatimiz davlat xizmatchisi boʻlishning mashaqqatiyu afzalliklari, talablari hamda oʻzi uchun hosil qilgan xulosalari xususida kechdi.
– Dilorom opa, ayni paytda kunlik faoliyatingizda qiladigan ishlaringiz, vazifalaringiz nimalardan iborat?
– Bugungi koronavirus pandemiyasi sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, jamoat salomatligi va aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga doir davlat siyosatini samarali amalga oshirishni taqozo etadi. Mening vazifam mazkur yoʻnalishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sektori rahbari sifatida xalqaro tashkilotlar vakillari bilan muzokaralar olib borish, xorijiy grantlar va gumanitar yordamni jalb etish, tizimdagi mutaxassislarning xorijiy davlatlarga xizmat safarlarini tashkil etish, mamlakatda xalqaro aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ijrosini taʼminlash, tashkilotda rasmiy uchrashuvlar, anjumanlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishdan iborat.
– Davlat xizmatchisi boʻlishning, davlat ishida ishlashning oʻziga yarasha masʼuliyati, mashaqqatlari bor, toʻgʻrimi?
– Eng avvalo, bu har tomonlama tartibli va intizomli boʻlishdir. Bu ish vaqtiga nisbatan ham, bajarayotgan ishingizga, tayyorlayotgan hujjatingizga ham, tashkil etayotgan tadbirlaringizga ham taalluqli. Shu bilan birga, mehnatsevarlik, tashabbuskorlik, buyruq va koʻrsatmalarni oʻz vaqtida va sifatli ijro qilish, xushmuomalalik va albatta, boshqalarni tinglay olish talab etiladi. Bundan tashqari, oʻz ustida ishlash va bilmaganini oʻrganish davlat xizmatchisining obroʻsini oshiradi.
Davlat ishida ishlashning mashaqqatlari ham yuq emas albatta. Ayniqsa, eng katta mashaqqatlardan biri – bir ishni sifatli ijro etish yoki meʼyoriy hujjat ustida ishlash uchun vaqtning yetmasligi. Ishxonaga belgilangan vaqtda yetib kelish, hujjatlar ustida ishlab, ish vaqti tugaganda bajarilmagan ishlarni tashlab ketolmaslik va oqibatda kechgacha qolib ketish... Menga qiyin boʻlgani shular boʻldi.
Ayniqsa, hozirgi izchil islohotlar yoʻnalishimiz boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqishni yoki tashkiliy ishlarni amalga oshirishni taqozo etadi. Baʼzida esa vaqt yetmaydi, kech soat 11-12da ishdan qaytishga toʻgʻri keladi. Shunga qaramay, ertalab soat 9:00 da yana ishda, toʻla kuch va albatta yaxshi kayfiyatda boʻlishing kerak. Ayol kishi, oila bekasi sifatida bu tezlikda ishlash va yashash juda qiyin. Chunki roʻzgʻor ishlari ham qarab turmaydi, ularni ham hamohang ravishda olib borishimiz shart.
– Davlat xizmatchisi boʻlishning afzal tomonlarichi? Qanday yengil va manfaatli tomonlari bor, sizningcha?
– Menimcha, davlat tashkilotida ishlash davomida dunyoqarashing kengayib boraveradi, davlat rivojlangan sari rivojlanaverasan, bu bilan oʻz oʻrninga ega boʻlasan, odam taniysan, seni odamlar taniydi (masalan, menga qayerga borsam sizni televizorda koʻrganmiz, deb boshqacha muomala qilishadi). Har qanday vaziyatda muomala qilishni oʻrganasan. Yana biri, biror joyga ish bilan borganda, ishing tezroq bitar balki...
– Davlat xizmatchisi – odob va axloq namunasi boʻlishi lozim. Aytingchi, davlat xizmatchisida qanday axloqiy sifatlar ustuvor boʻlishi kerak?
– Davlat xizmatchilari xushmuomala, odamlar orasida oʻzini tuta bilishi, odobli, eʼtiborli, fuqarolar va hamkasblari bilan munosabatda sabr-toqatli boʻlishi, ularni hurmat qilishi shart. Davlat xizmatchilari oʻziga boʻysunuvchilarga va fuqarolarga nisbatan qoʻpollik qilmasligi, odamlarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularni asossiz xafa qilmasligi kerak, deb oʻylayman. Axloqiy sifatlari bilan boshqalarga namuna boʻlish kerak. Kiyinish madaniyatining ham oʻz oʻrni bor.
– Kasbiy faoliyatingiz davomida davlat xizmatchisi boʻlishdan charchagan, zerikkan vaqtlaringiz boʻlganmi?
– Ochigʻi, boʻlgan. Topshiriqlar koʻpayib, bolalarni, ayniqsa, nevaralarni sogʻinib, koʻra olmagan yoki men ishdan qaytguncha ular uylariga ketib qolganlarida (uch nafar farzandim bor, 2 nafar qizimni turmushga berganman, oʻgʻlim talaba, 3 nafar nevaram bor). Yoki boʻlmasa, dam olish kunlari ishxonada zarur ish chiqib qolganda bormaslikning hech iloji yoʻq. Siz davlat xizmatchisisiz — zimmangizdagi vazifani albatta bajarishingiz kerak.
Baʼzan ishdan charchab kelgan vaqtingda turmush oʻrtogʻingning qovogʻiga qarab, aybdor kishiday his qilasan oʻzingni. Oʻzini oqlashga harakat qilgan kishiday uyda undanda koʻproq yumushlar bilan kuymalanishga harakat qilasan. Natijada nafaqat jismonan, balki qalban va ruhan ham charchaydi odam. Tasavvur qiling, charchagansiz, yana aybsiz aybdorsiz.
Ish bilan ovora boʻlib koʻpincha yaqinlaring davrasida ham bemalol boʻlolmaysan. Baʼzi vaqtlarda farzandlarim yoki aka-ukalarim ham mendan xafa boʻladi. Chunki koʻrgisi, suhbatlashib oʻtirgisi keladi, sogʻinadi. (Ammo yaqinlarim hammasi oʻz oʻrniga va kasbiga ega boʻlsada, davlat ishida boʻlganim uchun men bilan boshqacha faxrlanishadi.) Shunday paytlarda qandaydir afsuslik hissi paydo boʻlib, uyda oʻtirib faqat farzandlar tarbiyasi bilan band boʻlgan yoki ish vaqtiga rioya etishi shart boʻlmagan, oʻzining vaqtiga oʻzi xoʻjayin boʻlgan ayollarga havasim keladi...
Baʼzida esa uyda qolib, faqat uy ishlari bilan shugʻullanib, taomlar tayyorlab (eng sevimli va zavqlanib qiladigan ishim), bundan ham orom olgim keladi. Ammo bunday orzularni, sevimli mashgʻulot va yumushlarni ham nariga surib, davlat ishiga otlanishga toʻgʻri kelib qoladi.
– Davlat tashkilotlaridagi faoliyatingiz va hayotingiz davomida qanday hayotiy tajriba va xulosalarni oʻzingizga kashf etdingiz?
– Koʻp yillar xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash sohasida faoliyat yuritganim uchun ularni har tomonlama tushunish va muammolarini hal etish, shu bilan birga, odamlar bilan muloqot qilish, hayot qiyinchiliklarini teran anglash va ularni yengish borasida hayotiy tajribaga ega boʻldim, deb oʻylayman.
Oʻzimning hayotimdan kelib chiqadigan boʻlsam, yoshligimdan qattiqqoʻl otani, oʻgay onani (albatta oʻzimning onam deyman hozir) qoʻllarida tarbiya topdim va buning oʻsha paytlarda oʻziga yarasha mashaqqatlari ham boʻlgan. Endi oʻzim ham farzand tarbiyalab shuni keng angladimki, oila qurish va farzandni munosib tarbiyalash, unga bilim berish — katta mehnat, masʼuliyat va mashaqqat ekan.
4 nafar oʻgʻil farzandi boʻlgan oilaga va talabchan qaynonaga bosh kelin boʻldim. U yerda eng asosiysi faqat oila, roʻzgʻor yumushlari va farzandlar tarbiyasi bilan shugʻullanardim. Na oʻqishga, na ishlashga imkoniyat boʻlmagan. Lekin vaqt oʻtib, oʻz ustimda ishlashim, mehnatsevarligim, intilishim va harakatlarim bilan, hamisha qoʻllab-quvvatlagan yaqinlarim, toʻgʻri yoʻlni koʻrsatgan ustozlarim eʼtibori va koʻmagi tufayli hozirgi kunda jamiyatda, oilada, qarindosh-urugʻlar oʻrtasida oʻz oʻrnimga egaman.
Shularni birma-bir koʻz oldidan oʻtkazib, ham oila, ham davlat ishini bir xil olib borish qiyin deydiganlarga hammasi insonning oʻz qoʻlida ekanligini aytgim keladi. Ayniqsa, bolalarimga qarab, ularning intilishlariga, xatti-harakatlariga qarab, doimo ish bilan ovora boʻlganda ham yaxshi farzandlar tarbiyalash mumkinligini xulosa qilaman.
OʻzA muxbiri
Muhtarama Komilova
suhbatlashdi.