Hakamlarimiz FIFA va AFC seminarida ishtirok etmoqda
Qatarda FIFA hamda Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) tomonidan tashkil etilayotgan maxsus VAR seminarida mamlakatimiz hakamlari ham ishtirok etmoqda.
Ushbu seminar Jahon chempionatlarida faoliyat yuritishi mumkin bo‘lgan VAR hakamlarini saralash va tayyorlashning muhim bosqichi hisoblanadi.
Xususan, Firdavs Nor Safarov 2026 yil AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan erkaklar o‘rtasidagi FIFA Jahon chempionati uchun VAR hakami sifatida nomzodlar ro‘yxatiga kiritilgan. Ayni kunlarda u Doha shahrida o‘tayotgan seminar doirasida nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.

Shuningdek, Edita Mirabidova 2027 yil Braziliyada bo‘lib o‘tadigan ayollar o‘rtasidagi FIFA Jahon chempionati uchun VAR hakami sifatida nomzod sifatida ko‘rsatilgan. U ham xalqaro mutaxassislar rahbarligida tashkil etilgan seminarda video yordamchi hakamlik bo‘yicha tayyorgarlik jarayonlaridan o‘tmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur seminar FIFA tomonidan Jahon chempionatlari darajasida faoliyat yuritadigan VAR hakamlar korpusini shakllantirish yo‘lidagi muhim bosqichlardan biri sanaladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA