Hafta mish-mishlari: Ronaldu va Messi terma jamoani tark etmoqda, JCH–2026da kelishilgan o‘yinlar gumoni paydo bo‘ldi
JCH–2026ning ayrim uchrashuvlari yuzasidan kelishilgan o‘yinlar gumoni bo‘ldi.
Hafta davomida futbol olamida eng ko‘p muhokama qilingan mavzular orasida Krishtianu Ronaldu va Lionel Messining terma jamoalar bilan xayrlashishi mumkinligi, shuningdek, JCH–2026ning ayrim uchrashuvlari yuzasidan kelishilgan o‘yinlar gumoni bo‘ldi.
Ronaldu terma jamoadan ketishga qaror qildi
Portugaliya JCH–2026ni tark etganidan so‘ng Krishtianu Ronaldu ushbu mundial uning faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati bo‘lganini aytgandi. Endilikda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, 41 yoshli hujumchi Portugaliya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashga qaror qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ronaldu sentabr oyida Millatlar ligasi doirasida Uelsga qarshi Lissabondagi «Joze Alvalade» stadionida o‘tkaziladigan uchrashuvni terma jamoadagi so‘nggi o‘yini sifatida o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Messi ham xayrlashishi mumkin
Mish-mishlarga ko‘ra, Lionel Messi ham Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashga qaror qilgan. Xabarlarda aytilishicha, JCH–2026 finalidagi mag‘lubiyatdan so‘ng u jamoadoshlariga bu uning terma jamoadagi so‘nggi o‘yini bo‘lganini bildirgan.
Hozircha Messi bu ma’lumotlarni rasman tasdiqlamagan. Argentina futbol assotsiatsiyasi esa uni Amerika kubogi–2028da ham ko‘rishga umid qilmoqda.
Ronaldu FIFAni Argentinaga yordam bergan deb hisoblayotgani aytilmoqda
Yana bir shov-shuvli xabarga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu JCH–2026 davomida FIFA Argentina va Lionel Messiga qulaylik yaratgan, degan fikrni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bunga sabab sifatida Ronalduning Argentinani korrupsiyada ayblagan ijtimoiy tarmoqdagi postga «layk» bosgani keltirilmoqda. Shuningdek, turnir davomida u Messi haqidagi savollarga javob berishni istamagani ham eslatilgan.
Anchelotti va Gvardiola Italiyani rad etdi
Italiya futbol federatsiyasi terma jamoaga yangi bosh murabbiy izlash jarayonida Xosep Gvardiola va Karlo Anchelotti bilan muzokara o‘tkazgan.
Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Gvardiola kamida kelasi yozgacha tanaffus qilish niyatida. Anchelotti esa Braziliya terma jamoasiga sodiqligini bildirib, Italiya taklifini rad etgan. U JCH–2026 oldidan Braziliya bilan shartnomasini keyingi mundial yakunigacha uzaytirgan edi.
JCH–2026dagi ayrim o‘yinlar shubha ostida
Yevropa Kengashi e’lon qilgan hisobotda JCH–2026ning yetti uchrashuvi shubhali deb qayd etilgan.
Eng ko‘p e’tibor Ispaniya – Kabo-Verde uchrashuviga qaratildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘yin boshlanishidan oldin noma’lum shaxs durang natijaga 4,5 million dollardan ortiq mablag‘ tikkan. Bahs 0:0 hisobida yakunlangan.
Shuningdek, mundialning ochilish uchrashuvi — Meksika – Janubiy Afrika bahsida Temba Zvanega ko‘rsatilgan qizil kartochka ham shubhali holatlar qatoriga kiritilgan.
Biroq FIFA ushbu hisobot kelishilgan o‘yinlar bo‘lganini isbotlamasligini va hozircha bunga oid yetarli dalillar topilmaganini ma’lum qilgan.