Habib ham, tabib ham oʻzimiz...
Davlatimiz rahbari boshchiligida – hamjihat, hamfikr boʻlishning sabogʻi oʻrgatilmoqda, har ishda, har jabhada.
Munosabat
Aslida har birimiz tolibmiz. Hayot darsxonasining tolibi boʻlish, sabogʻini hijjalab oʻqish, uning partasiga odob bilan oʻtirishu, “uyga vazifa”ni namunali bajarish – bu yashash tarzimiz aslida.
1996-yil talaba boʻlganman. “Yoʻgʻon choʻzilib, ingichka uziladi”gan paytlar edi. Pul topilsa, oziq ovqat qimmat, oziq-ovqat boʻlganda pul topilmas edi. Poytaxtda tahsil olishning gashti, quvonchi, tashvishi bilan birga yashagan kezlarimiz. Bunda dilga dars beradi, har bir kuni... deya yozgandim bir sheʼrimda. Ota-onadan yiroqda mustaqil boʻlish, bir paytlar hatto koʻylakku koʻylak, kundalik turmush uchun zarur biron narsa sotib olib koʻrmagan, olis qishloqdan borgan oʻgʻil-qizlarning pulni oʻzi xarj qilishi bir tomonda yaxshi, bir tomondan esa... U oydan, bu oygacha yetkazish kerak, choʻntakdagi mablagʻni. Pulga “dard” qolgan kezlaringda kimdir seni qoʻllasa yoki oddiy gap bilan boʻlsada koʻnglingni koʻtarsa, undan yaqin odam topilmas. Hozir esa, oʻsha paytda senga jonkuyar boʻlganlar uchun ich-ichingdan rahmat aytasan, savob ilinasan, duolaringda, yozganlaringda. Aslida, ilmi toliblikning vazifasi ham shuda, turtinib, surtinib ulgʻayasan, fikran oʻsasan, oʻrganasan, kichkina olamingdan katta olamga chiqib atrofdagilarni taniy boshlaysan. Bilganlaring ortadi. Ustoz domla aytgani kabi: Eng katta dorulfunun – hayotning oʻzi. Kecha kechi bilan Qashqadaryoga yetib kelgan talabalarni kutib olarkanmiz shular kechdi, dilimdan...
Koronavirusdan xavotirga tushib, endi qanday otamakonimga yetib olarkinman deb turganida, ular uchun viloyat rahbariyati tashabbusi bilan bepul avtobuslarning ajratilishi, hatto, bir nechta fuqaroning koʻngilli boʻlib bu ishga hissa qoʻshishi – men sizga aytay har qanday davodan aʼlo, muolajadan ustun. Axir, minglab koʻngilga shifo ilinji bor. Shunda baralla aytging keladi, habib ham, tabib ham oʻzimizku.
Qoʻlda telefon vahimaga tushib, boʻlar-boʻlmas gaplar bilan yonimizdagilarni tashvishga solishdan koʻra, uyiga ketishni koʻzlab turganni eson-omon yetib olishi uchun koʻmaklashish, tashvishga tushayotganlarning kayfiyatini koʻtarish, ozodalik haqida suhbatlashish – koʻngil obodligiga boshlaydi. Hazrat Navoiy aytganlari kabi: Shirin soʻz davodir. Ishonmaysizmi, sinab koʻring. Bundan qanchalik mamnuniyat olishingizni shunda anglaysiz.
Kecha tashabbuskor uch nafar xotin qiz kun davomida Qarshi shahrining aholi gavjum maskanlarida boʻlib, bepul niqoblar tarqatish aksiyasini amalga oshirishdi, Toshkentdan qaytgan talabalarga ham tarqatildi. Madad boʻlish, “ey rahmat, shuni qidirib yurgandik oʻzi” deganlarni bir silkitish istagi bor, befarq boʻlmang deya salomatlikka undash, hamjihat ekanimizni bildirish xohishi bor.
– Qizim tinmay telefon qildi deng, ota qimmat boʻlsa ham taksi bilan boraveraymi, deb – talaba qiz Husnoraning otasi bilan suhbatdaman, – uygacha yetkazib qoʻyaman, pulini bersang boʻldi, debdi taksichilar. Mayli qizim, mayli deb tursam, yana telefon qildi, biz kechi bilan Qarshida boʻlamiz, bepul boryapmiz otajon. Xavotirlanmang. Qarshidan kelgan avtobus, mashinalarga minyapmiz. Yoʻl kiraga ajratgan pulimga kitob sotib olaman, taʼtilda oʻqish uchun degani hammasidan maʼqul keldi. Bu ishni boshida turganlarga rahmat. Bolamizni bolasidek koʻrib, gʻamxoʻrlik qilganlardan mamnunmiz, biz ota-onalar.
Koʻngilni keng qoʻyib, bir atrofni kuzating. Davlatimiz rahbari boshchiligida – hamjihat, hamfikr boʻlishning sabogʻi oʻrgatilmoqda, har ishda, har jabhada. Saboqning magʻzi sinov kezlarida bir-bir takrorlanadi, mazmuni chaqiladi. Buni imtihon topshirganlar yaxshi biladi. Yana bir jihat, tarbiyada eng maqbuli – ibrat boʻlishdir. Ayni shunday sinovli kunlarda har bir ishimiz, aytayotgan gapimiz albatta namuna boʻladi. Kun kelib mana shu yoshlar rahbar boʻladi, lavozimlarini egallaydi, ularning koʻpga nafi tegishidan umidvorman. Chunki bugun uning urugʻi ekildida. Bu esa albatta meva berajak, ular oʻrganganlarini oʻrgatadi, oʻzidan keyin kelayotganlarga. Ha, ustoz domla aytgani kabi: hayot darsxonadir.
Oʻzingizni asrang!
Ziyoda AMINOVA,
jurnalist