Gullar iforiga burkangan go‘zal Namangan
Namanganda har yili an’anaviy o‘tkaziladigan go‘zallik va nafosat bayrami 61-xalqaro gullar festivali tantanalari boshlandi.
Gullar shahri azim Namanganda go‘zallik va nafosat, qadriyat va muhabbat, hurmatu ehtirom ramzi sanalgan gullarga alohida mehr qo‘yilgan. Bahor fasli kirib kelishi bilan gulchilar ushbu bayram tadorigiga kirishadi. Ko‘tarinki kayfiyat, shodu-xurramlik, orastalik va fayzu barakotning muhim omili sifatida har bir ko‘cha, xiyobon, xonadonlargacha chamanzorga burkanadi. Har bir hovli gullar bilan bezatiladi, maxsus tuvaklar va gulzorlarda turfa xildagi gul navlari yetishtiriladi.

Xalqaro gullar festivali tantanalari viloyatning havo darvozasi – Namangan xalqaro aeroporti hududidan gullar avtoparadi bilan boshlandi. Unda davlatimiz bayrog‘i bilan bezatilgan yengil avtomobillar, yuk mashinalari, kombayn, traktor, hatto avtokrangacha anvoyi gullarga burkangan 200 dan ortiq transport vositalaridan iborat mashinalar karvoni Islom Karimov shoh ko‘chasidan Temir yo‘l vokzali aylanma yo‘li – Amir Temur – Namangoniy ko‘chalari bo‘ylab harakatlandi.

Dunyoning manaman degan mamlakatlari parad orqali o‘z harbiy salohiyatini ko‘z-ko‘z qilayotgan bir davrda bizning tinchliksevar O‘zbekistonimizda gullar avtoparadi orqali go‘zallik butun jahonga tarannum qilinmoqda. Gullar bayramining asosiy tantanalari bo‘lib o‘tadigan Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida bayramni yuqori saviyada tashkillashtirishga puxta hozirlik ko‘rildi. Bu muazzam maskanda yoshu keksani birdek o‘ziga ohangrabodek jalb etadigan 10 milliondan ortiq gul ko‘chatlari ekildi. Namangan gulchiligi, madaniyatining uzoq o‘tmishini o‘zida aks ettiruvchi ochiq osmon ostidagi muzey tashkil etildi.

Ta’kidlash joizki, XIX asrda ushbu xiyobon o‘rnida “Gulzor” nomi bilan ataladigan mahalla mavjud bo‘lib, aholi gullar yetishtirish, gulli ichimliklar, nektarlar, gullardan turli xil shirinliklar va ziravorlar hamda guldan asal ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Ba’zi gul turlarining barglaridan va ildizlaridan shifobaxsh damlamalar tayyorlangan. Namangan shahrida ilk bor gul ko‘rgazmasi 1961 yilning 24-27 avgust kunlari tashkil etilib, u bayram sifatida an’anaga aylandi. Keyingi uch yil ichida bog‘, gulchilik, gullar festivali misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarildi. Hatto, turnaqator gullar karvoni tashkil etildi.

Festivalning tantanali ochilishida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ta’kidlab o‘tganidek, gullar bayrami davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifi chog‘idagi tashabbusi bilan 2018 yildan e’tiboran “festival” maqomiga ega bo‘ldi va xalqaro miqyosda o‘tkazila boshlandi. Gul sayillarida nafaqat mamlakatimiz, balki qo‘shni davlatlar, qolaversa, Sharqiy Osiyo mamlakatlarining gul ishlab chiqaruvchilari ham ishtirok etmoqda. E’tiborlisi shundaki, Respublikamiz viloyatlari gulchilarining ishtirokidan tashqari, Koreya va Hindiston mamlakatlari vakillari ham alohida joyda o‘zaro do‘stlik munosabatlarimizni targ‘ib etuvchi ko‘rgazmalarini havola qildi.
Qayd etish joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil sentyabr oyida namanganlik saylovchilar bilan o‘tkazgan uchrashuvida viloyatda gulchilikni rivojlantirish, uni sanoat darajasiga olib chiqish borasida bir qator takliflar ilgari surilgan edi. Namangan shahrida joylashgan Gulchilar assotsiatsiyasi laboratoriyasida gullarning yangi navlarini yaratish, ularni klonlash va turlarini xilma-xil qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu festival doirasida maxsus yer uchastkalari ajratilib, zarur infratuzilma yaratildi. Bu yerda issiqxona xo‘jaliklarida mahalliy gulchilar mingdan ziyod bir yillik, ko‘p yillik va boshqa turdagi turfa xil gullar parvarishlamoqda.

Davlatimiz rahbarining maxsus qarori asosida Davlatobod tumani gulchilikka ixtisoslashtirilib, alohida klaster tashkil etildi. Unda istiqbolli navlarni ko‘paytirish, xorijdan keltirilgan ko‘chatlarni mahalliylashtirish orqali yangi navlar yaratishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy markaz shakllantirildi. 10 sotixli issiqxonada yil davomida olib boriladigan mashg‘ulotlarga barcha yoshdagi havaskorlar jalb etilib, bir yarim oylik saboqdan so‘ng maxsus sertifikat olmoqda. Gul bayrami sayillari oldinlari 2-3 kun, keyinchalik bir hafta davomida o‘tkazilgan bo‘lsa, festivalga bo‘lgan e’tiborning yildan-yilga oshib borishi, sayyohlar oqimining tobora ortishi natijasida, qolaversa, taklif va istaklardan kelib chiqqan holda joriy yildan e’tiboran xalqaro gullar festivalining muddati 15 kunga uzaytirildi.

– Bu yilgi festival dasturi nihoyatda keng va rang-barang, gullar avtoparadi davomiyligidan tashqari, ko‘plab madaniy-ma’rifiy, ko‘ngilochar va motivatsion tadbirlarni o‘tkazishni rejalashtirganmiz, – deydi Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari – viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i Botirjon Nuriddinov. – Jumladan, Farg‘ona vodiysi viloyatlari modalar haftaligi, sportchilarning chiqishlari va mahorat saboqlari, O‘zbekiston Xalq artisti, el suygan hofiz Kamoliddin Rahimov xotirasiga bag‘ishlangan “Kamoliddin izdoshlari” Respublika tanlovi, O‘zbekiston Milliy simfonik orkestrining “Ochiq osmon ostida” konsert dasturlari, rus milliy drama teatri spektali tomoshalari, taniqli biznes trenerlari bilan muloqotlar, viloyat badiiy jamoalari, dorbozlik hamda boshqa turdagi xalq o‘yinlari ijrochilarining chiqishlari bo‘lib o‘tadi.

Namanganning xalqaro brendiga aylangan gullar butun bo‘y-basti bilan namoyon qilinadigan 61-xalqaro gullar festivali tantanalarini tomosha qilish uchun Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Ozarbayjon, Eron, Xitoy, Koreya, Pokiston, Turkiya, Hindiston, AQSH kabi 20 dan ortiq xorijiy davlatlardan mehmonlar tashrif buyurdi va bu kabi mehmonlar oqimi davom etmoqda. Shular qatorida, Namangan bilan birodarlashgan hududga aylangan Turkiyaning Isparta va Usmong‘ozi, Qirg‘izistonning Jalolobod, Xitoyning Sindao, Koreya Respublikasining Incheon va Seongnam, Pokistonning Panjob, Rossiyaning Chelyabinsk va Yekaterinburg shaharlari ma’muriyatlariga taklifnomalar yuborildi.

Shuningdek, gullar bayramini keng targ‘ib etish uchun taklif qilingan jahonning o‘ndan ortiq mamlakatlarning yetakchi ommaviy axborot vositalari xodimlari va taniqli blogerlar Namanganga kelib, jarayonlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib bormoqda.

– Namanganga ikkinchi bor kelishim. Ham sayyoh, ham jurnalist sifatida sayillarni, shahardagi ijobiy o‘zgarishlarni kuzatib boryapmiz, – deydi Ozarbayjon Respublikasining “Turkel-media” media xoldingi bosh muharriri Ramz Abbos o‘g‘li.
– Bu bayram millatlar va xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirib, do‘st sifatida birlashtiradi. Namangan aholisi millatlar orasida do‘stlik ko‘prigini mustahkamlashga xizmat qilayotgani g‘oyat quvonarlidir.

Bayram tadbiriga yig‘ilganlar Bobur bog‘ida tashkilotlarning gullar ekspozitsiyalari, shahar va tumanlarning o‘ziga xos an’analarini o‘zida ifoda etuvchi turfa gul dekoratsiya va kompozitsiyalari bilan tanishib, estetik go‘zallikdan bahramand bo‘lmoqda. Maftunkor manzaralar, sermazmun tomoshalardan shodlanish ishtiyoqidagi katta-yu kichik mehmonlar gullar timsolida nafosatga oshufta shahar ahlining azmu shijoati, gulga bo‘lgan mehridan hayratlanib, ularning gulchilik tajribasiga yuqori baho bermoqda.
– Namanganda boshlangan gullar festivaliga taklif qilinganimizdan behad xursandmiz. Bir-biridan maftunkor gullarni ko‘rib, ochig‘i lol qoldik, – deydi Pokistonning Fasilobod shahridan kelgan Akib Nasir. – O‘zbekistonni butun dunyoga bo‘y-basti bilan tanitadigan mana shunday keng ko‘lamdagi bayramlarni ko‘proq o‘tkazilishi tarafdorimiz.
– Nafsoat bayramini eshitib, butun oilamiz, nabiralarim bilan Namanganga oshiqdik, bayramni bunchalik yuqori darajada o‘tishini kutmagan edik, – deydi Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidan kelgan 70 yoshli Tursuntosh aya Toshmurodova. – Bir-biridan ajoyib gul kompozitsiyalar tomoshasidan ko‘zimiz to‘ymayapti. A’lo darajadagi tashkilotchilik va mehmondo‘stlik uchun rahmat.
– Odamning tabiati o‘zi gulday. Shu boisdan ham gulga oshufta bo‘ladi, ko‘ngil gul istaydi, – deydi Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh shahridan kelgan sayyohlardan biri Otaqul Jalilov. – Tili, dini, qarashlari mushtarak bo‘lgan o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining uzoq yil kutgan orzulari amalga oshib, chegaralar ochilgani biz uchun ayni muddao bo‘ldi. Turistik firma orqali 700 kishidan iborat delegatsiya tarkibida Gullar festivalini ko‘rgani keldik. Sayillarni ko‘rish asnosida Namangan viloyatining infratuzilmasi, madaniyati, urf-odatlari, madaniy merosi bilan ham yaqindan tanishdik. Bunday bayramlarda turistlar oqimi ko‘payib, farovonlik va daromad manbai ortishiga erishiladi.
Darvoqe, festivalni mehmonlar uchun unutilmas voqea sifatida esda qolishi va esda qolarli taassurotlarga boy tarzda o‘tishi uchun barcha zaruriy sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, tadbir tashkilotchilari tomonidan mehmonlarning festival davomida sayyohlik joylariga tashrif buyurish istagidan kelib chiqib, bir nechta turistik marshrutlar ishlab chiqildi.
Yurtimizdagi gulchilik an’analarini, qolaversa, Namangan viloyati shahar tumanlarining sayyohlik salohiyatini oshirish, investitsiya jozibadorligini keng targ‘ib etish hamda ichki va tashqi turizm rivojida muhim ahamiyat kasb etadigan 61-an’anaviy xalqaro gullar festivali tadbirlari 5 iyunga qadar davom etadi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri.