Gulistonlik yosh iste’dodlar Gran-pri sohibi bo‘lishdi
Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Uzori Azii” xalqaro tanlovida Guliston tumani 13-son Bolalar musiqa va san’at maktabi xoreografiya sinfi o‘quvchilari Gran-pri mukofotini qo‘lga kiritishdi.
Yosh iste’dodlar sahnadagi jozibali chiqishlari, yuqori darajadagi ijro mahorati va musiqiy hissiyotni chuqur anglashi bilan hakamlar hay’atini lol qoldirishdi. Ular tanlovning eng oliy mukofotiga munosib deb topildi.

Tanlov ishtirokchisi, gulistonlik O‘g‘iloy Xidirova ushbu yutuq haqida shunday deydi:

– Bu tanlov men uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi. Sahnaga chiqqan har bir daqiqada o‘zimga bo‘lgan ishonchim yanada oshdi. Gran-prini qo‘lga kiritganimizdan juda xursandman, bu bizning mehnatimiz va ustozlarimizning bergan bilimlarining samarasi. Kelgusida yanada ko‘proq mashq qilib, yanada katta yutuqlarga erishishni maqsad qilganman.

G‘oliblik o‘quvchilar bilan bir qatorda, ularni tayyorlagan ustozlarning ham samarali mehnati natijasi hisoblanadi. Sinf rahbari va o‘quvchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri