Guliston tumanida g‘alla o‘rimi boshlandi
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida joriy yilgi g‘alla o‘rimiga start berildi. Tumandagi fermer xo‘jaliklari, dehqonlar va agroklasterlar jami 7 500 gektar maydonga “Andijon”, “Vassa”, “Yelanchak”, “Yaksart”, “Aliksevich” va “Taniya” kabi serhosil, iqlim sharoitiga mos g‘alla navlarini ekishdi.
Ekinlarga o‘z vaqtida agrotexnik tadbirlar qo‘llanilib, parvarish ishlari to‘liq amalga oshirildi.
Bu mehnat natijasida g‘alla yaxshi o‘sib, pishib yetildi va hosilni yig‘ib olishga tayyor bo‘ldi. O‘rim jarayonini samarali tashkil etish uchun tumanda 17 ta maxsus o‘rim otryadi tuzildi, 35 ta zamonaviy g‘alla o‘rib yig‘uvchi kombayn texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, tayyor holatga keltirildi.

G‘alla o‘rimi – bu faqat agrar jarayon emas, balki xalqimizning mehnatsevarligi va yurtga sadoqatini namoyon etuvchi muhim bosqichdir. Shu munosabat bilan “Yangi hayot” suv iste’molchilari uyushmasi hududida joylashgan “Yangi hayotlik paxtakor” fermer xo‘jaligining 40 gektarlik maydonida birinchi bo‘lib g‘alla o‘rimi boshlandi.

Tadbirda tuman qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, fermerlar, agroklaster rahbarlari, suvchilar, mexanizatorlar va mahalliy faollar ishtirok etdi. Ulardagi umumiy fikr – bu yilgi hosil yaxshi va barokatli bo‘lishi kutilmoqda. Tadbir doirasida hosilga baraka, yurtga tinchlik va dasturxonlarga to‘kinchilik so‘rab duo qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun o‘quv-seminar o‘tkazilib, g‘alla o‘rimini samarali tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

– G‘allamiz to‘liq pishgan. O‘z vaqtida yig‘ib olish katta mas’uliyat talab etadi. Bizning kombaynlarimiz to‘liq soz holatda. Bu esa o‘rim jarayonini uzluksiz va sifatli olib borish imkonini beradi, – deydi tajribali kombaynchi Umidjon Olimov.

E’tiborga molik jihat shundaki, bu yil kombaynchilar uchun qulay mehnat va dam olish sharoitlari yaratilgan. Bu esa ularning ish unumdorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, yuqori natijalarga erishishga xizmat qilmoqda.
Hozirgi paytda tumanda g‘alla hosilini o‘z vaqtida va yo‘qotishlarsiz yig‘ib olish, belgilangan rejani ortig‘i bilan bajarish bo‘yicha ishlar faol davom etmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri