Grant loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilinadi
Toshkentda bo‘lib o‘tgan yer osti boyliklarini qidirish, ulardan foydalanish va muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo Kengashning XXIV sessiyasi doirasida Qozog‘iston Respublikasi Mineral resurslar akademiyasi a’zosi, geologiya-mineralogiya fanlari doktori Vladimir Los ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Geologiya fanlari universiteti va uning tarkibidagi ilmiy-tadqiqot institutlari yetakchi ilmiy xodimlari ishtirok etgan uchrashuvda “Ma’danli foydali qazilmalarni prognozlash: yondashuvlar va rivojlanish yo‘llari” hamda “Qattiq foydali qazilmalar uchun O‘zbekiston Respublikasi yer qa’rini prognozlash va baholashda kompyuter texnologiyalari” mavzuidagi ma’ruzalar tinglandi.
Matematik va kompyuter modellashtirishning ilmiy jihatlari, turli iyerarxik darajadagi ma’danli ob’ektlarning joylashuvi va shakllanish mexanizmlari, konlarni raqamli prognozlashda sun’iy intellektdan foydalanish masalalariga xususida muhokamalar olib borildi. Muhokamadan so‘ng ishtirokchilar ushbu yo‘nalishda reja asosida hamkorlik qilish yuzasidan o‘zlarining qiziqishlarini bildirdi.

Shuningdek, “Mineral resurslar instituti” davlat muassasasi va Qozog‘iston Respublikasi Mineral resurslar akademiyasi a’zolari tomonidan ishlab chiqilgan ma’danli foydali qazilmalarni miqdoriy prognozlash texnologiyasini tijoratlashtirish darajasini yanada kuchaytirish maqsadida fundamental grant loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA