Gonkonglik tadbirkor va ishbilarmonlar mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar bilan tanishdi
Gonkong Ma’muriyati rahbari boshchiligidagi nufuzli delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi iqtisodiy hamkorlikda yangi davr va’da qilmoqda. Bu investitsiya va savdo aloqalarini kengaytirishga turtki bo‘ladi.
Mamlakatimizga tashrif buyurgan Gonkong Ma’muriyati rahbari Jon Li boshchiligidagi delegatsiyaning kun tartibi qizg‘in uchrashuv va qiziqarli suhbatlarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan biznes-brifing hamda davra suhbati mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur nufuzli tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ishtirok etdi.

Uchrashuv sanoat, moliya, logistika, IT va qurilish sohasida faoliyat yurituvchi Gonkongning 120 dan ortiq yetakchi kompaniyasi vakillarini bir davraga jamladi. Brifing davomida xorijlik mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati, biznes uchun yaratilgan qulay sharoitlar hamda investorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari atroflicha tanishtirildi.

Davra suhbati davomida ikki tomon ishbilarmon doiralari savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, moliyaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish masalasini muhokama qildilar. Muzokara yakunida tomonlar o‘zaro investitsiya hajmini oshirish hamda uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklikni izchil rivojlantirishga kelishib oldi.

G.Sattorova, O‘zA