G‘olib takroriy o‘yinda aniqlanadi
Shu haftada O‘zbekistonning ikki yetakchi jamoasi Osiyo Chempionlar ligasining “pley-off” bosqichidagi dastlabki uchrashuvlarni o‘tkazdi. Ushbu nufuzli musobaqada ilk bor qatnashayotganiga qaramasdan muvaffaqiyatli odimlayotgan “Navbahor” Namanganda Jiddaning “Al-Ittihod” klubi bilan kuch sinashdi.
Mavsumlar oralig‘ida Turkiyada tayyorgarlik ko‘rgan, tarkibini mohir futbolchilar bilan kuchaytirgan “Lochinlar” qit’amizda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, Osiyo Chempionlar ligasining ikki karra g‘olibi, Saudiya Arabistonining to‘qqiz karra chempioni – “Al-Ittihod”ga qarshi munosib o‘yin ko‘rsatib, golsiz durang natija qayd etdi.

Davlatobod tumanidagi “Markaziy” stadionni to‘ldirib o‘tirgan 26 mingdan ziyod ishqiboz jahon chempionati hamda Yevropa Chempionlar ligasida bosh sovrinlarni qo‘lga kiritgan fransiyalik N’golo Kante, braziliyalik Fabino, italiyalik Luis Felipe, portugaliyalik Juan, yana bir braziliyalik Romarino, marokashlik Abdurazzoq Hamidulla ijrosidagi ajoyib “dribling”lardan bahramand bo‘ldi.

Maydon egalari ham nomdor raqibdan kam emasliklarini isbotlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldi. “Navbahor” a’zolari Odil Hamrobekov, Asadbek Sobirjonov, Ruslanbek Jiyanovda hisobni ochishga bo‘lgan vaziyatlar vujudga keldi. Darvoqe, uchrashuvni boshqarib borgan yaponiyalik hakam Iida Jumpei ayrim vaziyatlarda “Navbahor” futbolchilariga nisbatan noxolis qarorlar chiqargani bilan yodda qoldi.

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida so‘z olgan “Al-Ittihod” klubi bosh murabbiyi argentinalik Marselo Galyardo jamoasining g‘alaba qozonishiga “Navbahor”ning mustahkam himoya qo‘rg‘oni hamda maydon sifati yaxshi emasligi to‘sqinlik qilganligini ta’kidladi. Samvel Babayan esa mavsumlar oralig‘ida shogirdlari jismonan tayyor bo‘lmasada, maydonda munosib o‘yin namoyish etganligini, stadion to‘la muxlislarning daldasi ham kuch berganligi, safarda bo‘lajak javob uchrashuvida ijobiy natija uchun intilishini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, “Navbahor” va “Al-Ittihod” jamoalari o‘rtasidagi keyingi bosqich yo‘llanmasiga aniqlik kirituvchi OCHL nimchorak final javob o‘yini 22 fevral kuni Jidda shahrida bo‘lib o‘tadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00da start oladi. Agarda, uchrashuvda har qanday durang hisobi qayd etilgan taqdirda, qo‘shimcha bo‘limlarga murojaat qilinadi. Shunda ham g‘olib ma’lum bo‘lmasa, penaltilar seriyasi orqali baxtli jamoa aniqlanadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri