G‘olib soliqchilar mamlakat bosqichida
Davlat soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan “30 yil va 30 yosh uchrashuvi” loyihasining Jizzax viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu loyihada viloyat davlat soliq organlarida 30 yil yoki undan ortiq vaqt ishlab kelayotgan tajribali mutaxassislar hamda tizimda mehnat qilayotgan 30 yoshgacha bo‘lgan soliqchilar juftligidan tashkil topgan 15 jamoa ishtirok etdi.
Loyiha shartlariga ko‘ra, ishtirokchilar o‘zlarining chiqishlarini 3 bosqichda yig‘ilganlarga namoyish etdi.
– Ta’kidlash kerakki tashkil etilgan loyihaning asosiy maqsadi – faxriylarning hayotiy malakasini yoshlarning kreativ fikrlari bilan uyg‘unlashtirish orqali shakllanadigan innovatsion yondashuv negizida soliq xizmati faoliyati samaradorligini kuchaytirish, “Ustoz-shogird” an’analaridan oqilona foydalanish va ularni sifat jihatdan yangi ko‘rinishda saqlab qolishdan iborat, – deydi Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Toshpo‘latov.
[gallery-9461]
Hakamlar hay’atining xulosalariga ko‘ra, qiziqarli o‘tgan bahsda eng ko‘p ovoz olgan Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi juftligi loyihaning viloyat bosqichi g‘olibi bo‘ldi. “30 yil va 30 yosh uchrashuvi” loyihasining respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi o‘rin boshqarmaning yana bir juftligiga hamda uchinchi o‘rin Jizzax shahar davlat soliq inspeksiyasidan qatnashgan jamoaga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlarga Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi hamda viloyat davlat soliq xizmati organlari xodimlari birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasining diplom va esdalik sovg‘alari berildi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA.