Global ijtimoiy maydonga integrallashishda xorijiy til maqomi
Hozirgi kundagi intensiv globallashuv dunyosida insoniyat makon chegaralarini ham real, ham virtual ko‘rinishda kengaytirayotgani millatlar, tillar, yakka hamda ko‘p madaniyatli platformalarning intensiv ko‘chishini taqozo etmoqda.
Ushbu jarayon keng ma’nodagi shaxslararo va madaniyatlararo muloqotdagi jamiyatning to‘laqonli, mukammal kommunikativ kompetensiyasini talab qiladigan ta’lim sohalari, kasbiy faoliyat jabhalarini ham chetlab o‘tmaydi, albatta. Bu, o‘z navbatida, xorijiy tillarni o‘rgatishning, o‘zlashtirishning butunjahon ijtimoiy maqomini belgilashda muhim ahamiyatga ega.
Hozirgi global axborot almashinuvi, raqamlashtirish hamda ko‘p qirrali o‘zaro faoliyat yuritish sharoitida xorijiy tillarni o‘rganish, xorijiy til ta’limi, professional kontekstda xorijiy tillarni qo‘llash olamshumul dolzarblik kasb etadi. Zero, yuqori kompetentlik darajasida muloqotni olib borish nafaqat lisoniy, balki insonning jamiyatdagi madaniy, ijtimoiy va intellektual omillari integratsiyasini taqozo qilishi bilan qatorda har qanday xorijiy tilning kasbiy-professional o‘sishdagi mavqei haqida so‘z borganda, birinchi navbatda, notanish ijtimoiy formatda madaniy konfliktning oldini olish maqsadida dunyoqarashni kengaytirishda, ijtimoiy madaniy adaptatsiyalarga tayyorlikda, o‘ziga bo‘lgan ishonchda, shaxsiy ishtirokida, o‘zga tildagi axborotni o‘zlashtira olish qobiliyatini shakllantirishda namoyon bo‘ladigan shaxsiy rivojlanish kechadigan jihatlar yaxlitligini qayd etish lozim.
Bunday motivatsion vaziyat yurtimizning barcha ta’lim sohalarida – maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’lim muassasalarida – xorijiy tillarni o‘rgatish va o‘rganishga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinayotgan qator farmon va qarorlar, jumladan, 2021 yil 19 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori butun O‘zbekiston xalqi uchun manfaatli tashabbus bo‘lganligi hammamizga ma’lum. Qaror doirasida belgilangan vazifalarga biz, xorijiy til o‘qituvchilari katta mas’uliyat bilan yondashishimiz lozimligini anglashimiz shart va zarur.
Mamlakatimizda xorijiy til ta’limi sifatini ko‘tarishga xizmat qilayotgan barcha chora-tadbirlar ham o‘qituvchi, ham o‘rganuvchilar imkoniyatlarining kengayishiga, millatimizning jahon sahnalarida o‘zining o‘rnini mustahkam egallashiga ko‘maklashishi shubhasiz. Shu ma’noda Buxoro davlat universiteti xorijiy til o‘qituvchilarining ham nufuzli xalqaro anjumanlarda AQSH, Angliya, Irlandiya, Turkiya va boshqa dunyoning yetakchi xorijiy til mutaxassislari bilan bir safda turib fikr almashib, xorijiy til o‘qitish sirlaridan saboq berishi, mahorat darslarini tashkil qilishi, xorijiy ekspertlar tomonidan yuqori baholanib, ularning e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘lishi ustozlarimizning professional yuksalishi, kasbiy takomilidan dalolatdir.
Ishonchimiz komilki, yaqin kelajakda Yangi O‘zbekiston xalqi o‘zining bilimi, xorijiy tilni egallashdagi kompetensiyasi bilan hayot jarayonining har bir sohasida jahon andozalariga mutanosib ravishda faoliyat yuritadi.
Nafisa Qosimova,
Buxoro davlat universiteti, xorijiy tillar fakulteti
Tarjimashunoslik va lingvodidaktika kafedrasi mudiri, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent