Gimnastikachilarimiz jahon kubogida sovrindor bo‘ldi
Bolgariyaning Sofiya shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogining ilk bosqichi yakunlandi. Mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston milliy terma jamoasi munosib ishtirok etib, shohsupadan joy oldi.
Guruh mashqlari dasturida ishtirok etgan hamyurtlarimiz 5 ta to‘p bilan bajariladigan chiqishlarda 25.350 ball to‘plab, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishda Xitoy jamoasi 27.250 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, neytral maqomda ishtirok etgan sportchilar (Rossiya) 27.200 ball bilan ikkinchi pog‘onadan joy oldi.
Ta’kidlash joiz, mazkur natija O‘zbekiston badiiy gimnastikasi uchun xalqaro maydondagi yana bir muhim yutuq sifatida qayd etildi. Darvoqe, g‘olib va sovrindorlar safidan joy olgan jamoamiz tarkibidan Mumtozabonu Ishokzoda, Evelina Atalyans, Amaliya Mamedova, Yuliya Valevata, Samira Ahmedova va Yasmina Mkrticheva o‘rin olgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA