G‘ijduvonlik tadbirkorlar bilan muloqot
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi “Parvoz Humo Ravnaq Trans” korxonasida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi rahbarlarining saylovoldi tashviqoti doirasida O‘zLiDeP elektoratining asosiy qatlamini tashkil etuvchi tadbirkorlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda 100 nafardan ziyod mahalliy ishbilarmon, kichik va o‘rta biznes hamda agrar soha vakillari ishtirok etdi.
Muloqot avvalida partiya saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari, xususan, 5 maqsad va 500 vazifa doirasida kelgusi besh yilda amalga oshiriladigan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Tadbirda saylovoldi dasturida belgilangan birinchi maqsad –barqaror iqtisodiy o‘sish orqali har bir inson, oila va jamiyat farovonligiga erishish borasida rejalashtirilgan loyihalar to‘g‘risida batafsil so‘z yuritildi.
Uchrashuv ishtirokchilariga O‘zLiDeP o‘z dasturida yalpi ichki mahsulot hajmi 2030 yilga borib 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad esa 4 ming dollarga yetkazilishi yuzasidan o‘z takliflarini ilgari surayotgani ma’lum qilindi.

Partiya kelgusi besh yilda mamlakatimiz tadbirkorlari sonini 3 million nafardan oshirish, barqaror ish joylarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini cheklash, qulay biznes, investitsiya va raqobat muhitini shakllantirish, barqaror, sodda va adolatli soliq siyosatini joriy etish, sanoat tarmoqlari va zamonaviy servisni iqtisodiyot drayveriga aylantirish, eksport salohiyatini yuksaltirish, yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlovchi barqaror va samarali moliyaviy xizmatlar bozorini shakllantirish hamda infratuzilma va turizmni rivojlantirish singari ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashni o‘z zimmasiga olgan.
Uchrashuvda navbatdagi besh yillik yakunida yurtimizdagi kambag‘allik ko‘lamini ikki karra kamaytirish, aholini tadbirkorlikka jalb qilishning “mahallabay” dasturlarini ishlab chiqish partiyaning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida imtiyozli kredit hajmlarini har yili 30 foizga oshirib borish, ijtimoiy tadbirkorlikni yanada rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini ish bilan ta’minlab kelayotgan tadbirkorlarga mol-mulk va yer solig‘idan imtiyozlar berish, og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolar uchun kredit ta’tillari berish tizimini joriy etish ham O‘zLiDePning saylovoldi takliflari sirasiga kiradi.
Ichki mehnat migratsiyasini rivojlantirishga e’tibor qaratish, bandlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash manbalarini kengaytirish, jumladan, xususiy bandlik agentliklari tizimini rivojlantirish masalalari partiya elektoratining manfaatlarini himoyalashda muhim qadam bo‘ladi.
Qizg‘in savol-javoblar va ochiq muhokama ruhida o‘tgan uchrashuvda bir qator partiya faollari va tadbirkorlar ham so‘zga chiqib, O‘zLiDePning “Va’da emas – natija, ertaga emas – bugun!” shiori ostida bugungi kunda g‘ayrat-shijoat bilan faoliyat olib borishini ta’kidladi. Partiya saylovoldi dasturida belgilab qo‘yilganidek, iqtisodiyotda davlat ishtirokini keskin qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish, monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazish tarafdori ekanliklarini e’tirof etdi.
Yuqori kayfiyatda o‘tkazilgan uchrashuvda so‘z olgan O‘zLiDeP yetakchisi Aktam Xaitov xalqimiz va Vatanimiz hayotida muhim siyosiy voqea hisoblangan bo‘lajak saylovlarda yurtimiz iqtisodiyotining asosiy drayveri hisoblangan tadbirkorlik sohasining g‘ijduvonlik vakillari ham faol ishtirok etib, partiya va uning nomzodlariga hamjihatlik bilan ovoz berishlariga ishonch bildirdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari