G‘ijduvonda yog‘-moy korxonasi ish boshladi
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida “Graf yog‘-moy ekstraksiya” paxta yog‘i ishlab chiqarish korxonasi ishga tushdi.
Bir kecha-kunduzda 50 tonna texnik chigitni qayta ishlash quvvatiga ega korxona mahsuloti mahalliy bozorga “GRAF” savdo belgisi ostida savdoga chiqariladi.

– Amaldagi qonun talabi doirasida yurtimizda paxta yoki kungaboqar moylari ishlab chiqarish uskunalari va mahsulotlariga belgilangan tartibda sanitariya-gigiyenik xulosalari, paxta shroti va sheluxasi uchun tegishli veterinariya ruxsatnomalari hamda “UzTest” DM Buxoro filiali tomonidan paxta moyi ishlab chiqarishga muvofiqlik sertifikatlari olish zarur, – deydi "Graf yog‘-moy ekstraksiya" MCHJ rahbari Elyor Asadov. – Korxonamiz mazkur barcha ruxsatnoma va laborator xulosalarni olgan. Yog‘-moy korxonasida tayyor mahsulotning xavfsizligiga nisbatan qo‘yiladigan talablar bor. Jumladan, sanitariya qoidalari, gigiyenik normativlarga muvofiq yog‘-moy mahsulotlarini ishlab chiqarish, qadoqlash, tamg‘alash, saqlash, tashish, qaytarib olish va utilizatsiya qilish (qayta ishlash), muomalaga chiqarish, sotish, namuna olish, identifikatsiya qilish va muvofiqligini baholash hamda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha talablarni nazarda tutuvchi, ya’ni “Yog‘-moy mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglament talabini bajargan holda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha “O‘zDSt ISO 22000:2019” standarti talablari joriy qilindi va muvofiqlik sertifikati olindi. Ishlab chiqarishda zarur xom ashyo bu texnik chigit ta’minoti. Shu bois korxona respublika tovar xom-ashyo birjasida paxta texnik chigiti savdolarida qatnashish huquqini olgan. Paxta texnik chigitini birjadan oluvchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Korxonani xom ashyo bilan uzluksiz ta’minlash yuzasidan tumandagi klaster korxonalari, fermer xo‘jaliklari bilan xom ashyo yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilmoqda. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Buxoro viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordam natijasida bugun paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan paxta texnik chigitini xarid qilish imkoniyatiga egamiz.

Korxonada paxta yog‘i to‘liq texnologik siklda, ya’ni texnik chigit mag‘zini yanchish, gidrotermik ishlov berish, presslash, ekstraksiyalash, rafinatsiyalash, dezodoratsiyalash va qadoqlash sexlarida qayta ishlanmoqda. Korxona to‘la quvvat bilan ishlaganda nafaqat o‘simlik yog‘i, jumladan paxta texnik chigiti, balki kungaboqar, soya, maxsar urug‘i kabi xom-ashyoni qayta ishlash, import o‘rnini bosuvchi, eksportbop yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

“Graf yog‘-moy ekstraksiya” MCHJ da yiliga 15 ming tonna chigitni qayta ishlash va bundan 2 ming 520 tonna paxta yog‘i, shuningdek, chorva kompleksi uchun ozuqabop 6 ming 720 tonna paxta shroti, 4 ming 730 tonna sheluxa ishlab chiqarish mumkin.
Korxonani tashkil etish uchun 1 million 200 ming AQSH dollari moliyalashtirilgan. Ayni kunda zarur uskuna va texnologiya xaridi uchun 642 ming AQSH dollari sarflangan. Mahalladagi sex qurilishiga 558 ming AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan. Ayni paytda mazkur tashabbusni moddiy qo‘llab-quvvatlayotgan “TRASTBANK” ning Buxoro filiali tomonidan ajratilgan kredit sarmoyasi 420 ming AQSH dollarini tashkil etmoqda.
Hozirda Ko‘shk va unga yondosh mahallalardan xususiy yog‘-moy korxonasida ishlashni xohlovchi mahalliy yoshlar bilan mehnat shartnomalari ham tuzilmoqda. Birgina sex tufayli hududda dastlabki bosqichda 40 kishini daromadli ish bilan band qilish imkoniyati yaratilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA