GESlar kaskadida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi
“O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan “Qodiriya GESlar kaskadi” filiali tasarrufidagi gidroelektr stansiyalar va asosiy ishlab chiqarish ob’ektlarining texnik holati, mavjud quvvatlardan foydalanish samaradorligi hamda ish jarayonlarining barqarorligi o‘rganildi.
Qayd etilganidek, mazkur o‘rganishlar Prezidentimiz tomonidan yoqilg‘i-energetika sohasi oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, gidroenergetika ob’ektlarining ishonchli faoliyatini mustahkamlash hamda 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etildi.
“Qodiriya GESlar kaskadi” tarkibida 4 ta gidroelektr stansiya mavjud bo‘lib, ularning umumiy o‘rnatilgan quvvati 46,8 MVtni tashkil etadi. Kaskad stansiyalarida yiliga o‘rtacha 400 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

O‘rganishlar davomida har bir stansiyaning texnik holati va ishga tayyorlik darajasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Ko‘rik jarayonida uskunalarning mavjud yuklamalarga mos ravishda barqaror ishlashini ta’minlash, elektr xavfsizligi va himoya tizimlarini belgilangan talablar asosida saqlash yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Ayni paytda energiya resurslaridan oqilona foydalanish, texnologik sarflarni qisqartirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va ichki imkoniyatlardan unumli foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Kuz-qish mavsumida gidroelektr stansiyalarining barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlash bugungi kundagi eng muhim vazifalardan biridir. Shu bois, har bir uskunaning texnik holatini chuqur tahlil qilib, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, ta’mirlash ishlarini sifatli tashkil etish va zarur ehtiyot qismlarini oldindan zaxira qilish talab etiladi. Asosiy maqsadimiz esa mavjud quvvatlardan samarali foydalangan holda iste’molchilarni kuz-qish mavsumida barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashdir, – dedi Islom Abdurahmonov.

Shuningdek, mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida stansiyalar hududlarida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va ishlab chiqarish maydonlarini tartibga keltirish ishlari ham ko‘zdan kechirildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va hududlarni yanada obod holatga keltirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.
O‘rganishlar yakunida kaskad tarkibidagi barcha ob’ektlarda ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash, texnik va texnologik intizomni kuchaytirish, uskunalarning texnik holati va xizmat muddatidan kelib chiqqan holda ta’mirlash hamda yangilash ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA