Germaniyada O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi tantanali nishonlandi
Germaniya poytaxti Berlindagi O‘zbekiston elchixonasida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Germaniyaning rasmiy va parlament doiralari, siyosat, biznes, ilm-fan va jamoatchilik vakillari, Berlinda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va diplomatlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tantanali marosim O‘zbekiston va Germaniya davlat madhiyalarining jonli ijrosi bilan boshlandi.
Mamlakatimiz elchisi Dilshod Axatov o‘z tabrik nutqida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik taraqqiyot yo‘li hamda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga to‘xtaldi. Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, investitsiyalarni jalb etish, ta’lim va ilm-fan, raqamlashtirish va innovatsiyalarni rivojlantirish, qonun ustuvorligi, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlari ekanini ta’kidladi.

Tadbirning faxriy mehmoni Germaniya Tashqi ishlar vazirligining Yevropa ishlari bo‘yicha davlat vaziri Gyunter Krixbaum o‘z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ochiqlik siyosatini yuqori baholadi. U mazkur jarayonlar O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarini siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganini ta’kidladi.
– O‘zbekistonga tashrifim chog‘ida mamlakatdagi yangilanishlar, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi va buyuk allomalarning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi menda katta taassurot qoldirdi. “Algoritm” atamasining Muhammad al-Xorazmiy nomi bilan bog‘liqligi ham bu yurtning jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasidan dalolat beradi. Islom sivilizatsiyasi markazi esa boy tarixiy va ilmiy merosni yangi avlodga yetkazishda muhim ma’rifiy maskan bo‘la oladi.

Shuningdek, Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning 2026-yil iyun oyida O‘zbekistonga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajaga ko‘tarilganining yaqqol ifodasidir. Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi va “Volkswagen” kabi yirik kompaniyalar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar bor.
O‘zbekistonda ko‘plab yoshlar nemis tilini o‘rganayotgani, Germaniyada esa malakali kadrlarga talab yuqori ekani ta’lim, kasbiy tayyorgarlik va mehnat sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yaxshi asos yaratadi. O‘zbekistonning boy madaniyati va ulkan turistik salohiyatini ham alohida ta’kidlamoqchiman. Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlarni borib, yaqindan kashf etishga barchani taklif qilaman, – dedi vazir.
Bayroyt shahar kengashi a’zosi Karl-Hayns Braytsmanning so‘zlariga ko‘ra, u uch yil oldin O‘zbekistonda saylov kuzatuvchisi sifatida bo‘lgan va shu zahotiyoq bu go‘zal yurt ekanini his qilgan.
– Shuning uchun O‘zbekiston elchixonasi tadbirlariga muntazam ravishda taklif etilish men uchun katta sharaf va faxr. Elchixonadagi tadbirlar har doim yuqori darajada tashkil etiladi. Ularda madaniyat va siyosat sohalarining taniqli vakillari ishtirok etadi.

O‘zbekistonning so‘nggi yillarda jadal rivojlanib borayotganini ko‘rish har safar meni hayratga soladi. O‘zbekiston Prezidenti ulkan islohotlarni amalga oshirmoqda va mamlakat o‘zgarishlari bilan haqli ravishda faxrlanishi mumkin. Men esa Bayroyt shahri vakili sifatida bu jarayonning bir qismi bo‘layotganimdan juda xursandman.
Eng muhimi, mamlakatingizga bo‘lgan mehrim tufayli Berlindagi O‘zbekiston elchixonasida “Bavariya - O‘zbekiston do‘stlari jamiyati”ni tashkil etganmiz. Biz ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga hissa qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz, – dedi u.
Elchixonamiz mas’ullari qayd etganidek, Germaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar tomonidan ijro etilgan milliy raqslar tadbirga alohida bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Marosim doirasida, shuningdek, o‘zbek musavvirlarining ijod namunalari jamlangan ko‘rgazma tashkil etildi.
Nasiba Ziyodullayeva,O‘zA