Germaniya Bundestagi vakillari Samarqandda
O‘zbekiston Oliy Majlisi bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda o‘zaro tajriba almashish maqsadida yurtimizga tashrif buyurgan Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagi huquqiy ishlar va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Myuller Karsten boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda ham bo‘ldi.
Mehmonlar dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakillari hamrohligida Samarqand davlat universitetida bo‘lib, mazkur ta’lim muassasasida huquqshunos kadrlar tayyorlash borasidagi ishlar, ta’lim jarayonlari bilan tanishdilar. Universitetda xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qo‘shma ta’lim dasturlari e’tirof etilib, ushbu yo‘nalishda Germaniya ta’lim muassasalari bilan ham hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Germaniya parlamenti vakillari Samarqand viloyati adliya boshqarmasi rahbariyati bilan ham uchrashdi.
Uchrashuvda viloyatda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining samarali faoliyat ko‘rsatishining huquqiy asoslari, inson huquqlarini himoya qilishda advokatlarning o‘rni, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari haqida fikr almashildi.Mehmonlarga advokatura institutining faoliyati, viloyat adliya boshqarmasida olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
[gallery-26041]
Bundestag qo‘mita raisi Myuller Karsten O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari davlat va jamiyat hayotida faol qatnashayotganini e’tirof etib, bu demokratik jarayonlarni chuqurlashtirishda muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.
Mehmonlar Samarqandga safari davomida shahardagi tarixiy-madaniy yodgorliklarni tomosha qildi, xalqimizning boy ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishdi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari