Geografik ob’ektlar tarixiy nomi bilan atalishi muhimdir
Mamlakatimizda geografik ob’ektlarning nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish, qishloq, shahar hamda turli joylarning tarixiy nomlarini tiklash, ularning haqiqiy nomi bilan atash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
YUNESKO ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda dunyoda 7 mingga yaqin til mavjud bo‘lib, ulardan 200 ga yaqini davlat tili maqomiga ega. Ular orasida ona tilimiz o‘zbek tilining ham borligi qalbimizni faxr-iftixorga to‘ldiradi. Bu tilimizning nufuzini oshirish bilan birga, qadim tarixga ega ekanligini ham ko‘rsatadi. Keyingi yillarda geografik ob’ektlarning tarixiy nomlarini tiklash, davlat tiliga moslashtirish, tegishli maskanlarga tarixiy nomini berish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi, “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonunlarida hamda Prezident, Vazirlar Mahkamasining sohaga oid qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qonunchilikda belgilangan talablarga to‘g‘ri yondashgan holda davlat tiliga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar, qonunbuzilishlar yoxud beparvolik holatlarining oldini olish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini ta’minlash maqsadida viloyat, tuman, shahar hokimliklari qoshida qator idoralar bilan hamkorlikda tashkil etilgan ishchi guruhlar hamda komissiyalar a’zolari bilan hamjihatlikda zarur ishlar olib borilmoqda.
Masalan, olib borilgan ishlar natijasida Marhamat tumanidagi “Durafshon” mahalla fuqarolar yig‘inining avvalgi nomi, ya’ni tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan “Shukurmergan” nomi qayta tiklandi, geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha tuman komissiyasining qarori bilan mahalla nomi “Shukrmergan” deb o‘zgartirildi.
Bu kabi jarayonlarda hududlardagi geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha komissiyalar o‘sha hudud aholisining xohish-istaklari, murojaatlari, mahalla faollari va nuroniylarining tarixiy ma’lumotlariga asoslangan holda ish olib bormoqda. Viloyatdagi qator joylarning tarixiy nomlari tiklanganligida yurtdoshlarimiz behad mamnun bo‘lmoqda. Qolaversa, mahallaning tarixiy nomi tiklanishi bilan tariximiz, bebaho ma’naviy qadriyatlarimiz ham tiklanmoqda.
Hozirda bu boradagi ishlar Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida izchil va tizimli ravishda olib borilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-yanvardagi “Mamlakatimizdagi ayrim geografik ob’ektlarning nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish hamda yangi nom berish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur qarorda Buloqboshi, Xo‘jaobod tumanlari hududidagi O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida, ya’ni Qirtosh tog‘ tizmasining g‘arbida joylashgan Qirqustun hamda Chilustun tog‘ tizmasining sharqida joylashgan Qirtosh tog‘ cho‘qqilarini nomlash bo‘yicha vazifalar belgilangan.
Zero, bu tog‘ tizmalarining qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegara hududida joylashganligi amalga oshirilayotgan ishlarning qanchalik geosiyosiy va global ahamiyatga ega ekanligini belgilab beradi.
Aytish kerakki, ushbu geografik ob’ektlar, ya’ni cho‘qqilar tegishli qaror asosida tarixiy nomlari bilan ataladigan bo‘ldi.
A’zamjon Hamraqulov,
Andijon viloyat hokimining Ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchisi.
O‘zA