“General Motors” kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida avtomobilsozlik hamda texnik tartibga solish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori o‘rinbosari Jo‘rabek Shakarov AQSHning yetakchi avtomobilsozlik kompaniyalaridan biri – “General Motors” kompaniyasi hamda “GM Uzbekistan” mutasaddilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish va muvofiqlikni baholash sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlik O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi sanoat hamda savdo aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Muzokaralarda “General Motors” kompaniyasining O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish va diversifikatsiya qilishdagi o‘rni alohida qayd etildi. Xususan, keyingi besh yil mobaynida mamlakatimizda 1,6 milliondan ortiq avtomobil ishlab chiqarilgani, O‘zbekiston Chevrolet brendi uchun AQSHdan keyingi ikkinchi yirik bozorga aylangani hamda Markaziy Osiyo va MDH davlatlari orasida savdo hajmi bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv chog‘ida xavfsizligi kafolatlanmagan yoki texnik talablarga javob bermaydigan avtotransport vositalarining bozorga chiqarilishining oldini olish maqsadida Toshkent viloyatining Piskent tumanida joylashgan zamonaviy avtomobil poligonidan (sinov majmuasidan) hamkorlikda foydalanish bo‘yicha taklif ham bildirildi. Bu tashabbus transport vositalari xavfsizligini ta’minlash va sifat nazoratini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Shuningdek, muzokaralarda AQSH Federal avtotransport vositalari xavfsizligi standartlari (FMVSS)dan foydalanish va ularni amaliyotga joriy etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston tomoni mamlakatda avtotransport vositalarining muvofiqligini baholash jarayonlari hozirda BMT kelishuvlari doirasida qabul qilingan xalqaro qoidalar asosida amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida “General Motors” kompaniyasi vakillari joriy yilning 22-iyun kuni Vashington shahrida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi delegatsiyasi bilan navbatdagi uchrashuvni o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Tomonlar o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada faollashtirish, zamonaviy standartlar va innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA