Gazeta tahririyatiga avtomashina berildi
“Hamkorbank” ATB mamlakatimizda samarali faoliyat yuritayotgan banklardan biri hisoblanadi. Bankning aholi o‘rtasida ommalashishi, jamiyatdagi nufuzining ortishida bank ko‘zgusi bo‘lgan – “Hamkor press” gazetasining ham alohida o‘rni bor.
Shu kunlarda “Hamkor press” gazetasi tashkil etilganligining 20 yilligi nishonlandi.
Gazeta tashkil etilganligining 20 yilligi munosabati Bank boshqaruvi raisi Baxtiyor Jo‘rayev tahririyat jamoasi bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda Boshqaruv raisi gazeta xodimlarini 20 yillik ayyom bilan muborakbod etib, o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.
[gallery-19253]
Uchrashuvda gazetaning bank hayotidagi o‘rni va nashr xodimlarining samarali faoliyati alohida e’tirof etildi. Gazeta muharriri Akbarjon Nazarov, muxbir Nigora To‘xtamatova so‘z olib, “Hamkor press” nafaqat viloyat, balki, respublikadagi ko‘p nusxada chop etilayotgan nashrlardan biri ekanligi, bunda “Hamkorbank”ning roli va ko‘magi muhim ahamiyat kasb etayotganligini alohida ta’kidlashdi. Bank boshqaruvi rahbariyatiga samimiy munosabat, e’tibor va qo‘llab-quvvatlash uchun tashakkur bildirildi.
Gazeta tashkil etilganligining 20 yilligi munosabati bilan gazeta xodimlari bank boshqaruvi raisining faxriy yorliq va pul mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, bank tomonidan tahririyatga “Kobalt” avtomashinasi taqdim etildi.
– Yurtimizda gazeta muassislarining o‘z nashrlariga e’tibori noyob hodisaga aylanib borayotgan bugungi kunda bank rahbariyatining tahririyat jamoasiga ko‘rsatgan e’tibori va ko‘magidan behad xursand bo‘ldik, – deydi gazeta muharriri Akbarxon Nazarov. – Bu e’tibor jamoamizga kuch, shijoat, ilhom bag‘ishlaydi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari