Gaz tarmoqlari, AYOQSH va elektr tarmoqlarida nazorat kuchaytirilmoqda
“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan respublika hududlarida energetika ob’ektlarini kuz-qish mavsumiga sifatli tayyorlash, yoqilg‘i mahsulotlari sifatini ta’minlash hamda energiya resurslaridan qonuniy foydalanilishini nazorat qilishga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. Bu borada o‘tkazilayotgan o‘rganishlar mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish va qonunbuzilishlarning oldini olishga xizmat qilyapti.
Jumladan, Namangan viloyatining Pop tumanidagi “Qo‘shminor” MFY hududida gaz tarmoqlari va gaz taqsimlash qurilmalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi o‘rganildi. Nazorat davomida D-219 mm hamda boshqa turli diametrdagi gaz quvurlarini estetik tartibga keltirish, quvurlarga tayanchlar o‘rnatish, ularni bo‘yoqlash, hududni begona o‘tlardan tozalash, shuningdek, gaz taqsimlash qutilarida profilaktika va reviziya ishlarini amalga oshirish holati ko‘rikdan o‘tkazildi. O‘rganishlar yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan hududdagi mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirida “P. N. S.” MCHJga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida sotilayotgan AI-92 markali avtobenzin laboratoriya tahlillari natijasida davlat standartlari talablariga javob bermasligi aniqlandi.
Mazkur qoidabuzarlik uchun realizatsiya qilingan neft mahsuloti qiymatining 50 foizi miqdorida – 14,8 million so‘m jarima qo‘llanildi. Shuningdek, AYOQSHda saqlanayotgan neft mahsulotlari sifatini qayta tiklash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Inspeksiya axborot xizmatiga ko‘ra, nazorat tadbirlari doirasida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlariga qarshi kurash ham kuchaytirilmoqda.
Xususan, Andijon shahrida Bosh prokuratura shtabi ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta qonunbuzilish holati aniqlandi. Jumladan, “M. B. X.” YATTga qarashli savdo do‘konida tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib, 376 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, fuqaro M. O.ga qarashli noturar binoda 164 million so‘mlik, “B. U.” MCHJga tegishli binoda esa dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 271 million so‘mlik zarar keltirilgani qayd etildi.
Mazkur nazorat tadbirlari energetika infratuzilmasini kuz-qish mavsumiga puxta tayyorlash, iste’molchilarga sifatli yoqilg‘i mahsulotlari yetkazib berish hamda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom etayotganini ko‘rsatmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA