Gaz ta’minotida muammo bo‘lmaydi
Navoiy viloyatining Konimex tumani mahallalari asosan cho‘l hududlarida joylashganligi bois aksariyat qismiga tabiiy gaz yetib bormagan. Bu esa aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashni talab etadi. bugungi kunda tumandagi 12 ta mahallada 5 ming 971 ta suyultirilgan gaz iste’molchisi mavjud. Ularning oltitasi tuman markazidan ancha olisda joylashgan ovul fuqarolar yig‘ini hisoblanadi. “Konimextumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan chekka hududlarda joylashgan ovullarda istiqomat qiluvchi aholiga ham o‘z vaqtida maishiy gaz ballonlarini yetkazib berish chora-tadbirlari ko‘rilgan.
Ayni paytda 2 dona “ISUZU” yuk mashinasi orqali har kuni 210 donadan gaz ballonlar aholi xonadonlariga yetkazib berilmoqda. “Boymurod”, “Uchtepa” ovul fuqarolar yig‘inlari tuman markazidan 200-300 kilometr olisda joylashgan. Bu hududlarda suyultirilgan gaz iste’molchilari soni 1 ming 846 tani tashkil etadi. Korxona xodimlari tomonidan qishning sovuq kunlarida ham har 30-35 kunda ovulda istiqomat qiluvchi fuqarolarga suyultirilgan gaz reja-grafik asosida o‘z vaqtida yetkazib berilyapti.

– Gaz ballonlarni kechiktirmasdan keltirishyapti, – deydi “Boymurod” OFYda istiqomat qiluvchi Tinishbek Kenbayev. – Bundan albatta, xursandmiz. Ovulimiz tuman markazidan ancha olisda joylashganiga qaramay, suyultirilgan gazni yetkazib berishda hali biror muammoga duch kelmadik.
Ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan gaz ballonlar esa soz holatga keltirilmoqda. Albatta, nafaqat markazda, balki chekka hududlarda istiqomat qilayotgan iste’molchilarni suyultirilgan gaz bilan ta’minlash borasidagi bu kabi ishlar aholi farovonligiga xizmat qilayotganligi bilan ahamiyatlidir.

A.Bo‘riyev, O‘zA