Gaz hisoblagichlar bepul oʻrnatilmoqda
Andijonda tabiiy gaz taʼminotini boshqarishning avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi joriy etilmoqda.
Andijonda tabiiy gaz taʼminotini boshqarishning avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi joriy etilmoqda.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ASKUG tizimi tabiiy gazni toʻliq, aniq va ishonchli hisobga olinishini taʼminlash, shuningdek, tabiiy gaz taʼminotidagi yoʻqotishlarni kamaytirish va isteʼmolchilarning toʻlov madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.
ASKUG tizimini joriy etish ishlari, yaʼni yangi uskunalar Andijon shahrining “Yoyilma” mahallasidagi koʻp qavatli uylarga, “Mustaqillikning 20 yilligi” mahallasidagi xonadonga oʻrnatilmoqda. Har bir koʻp qavatli uyning bir soat davomidagi gaz sarfi hajmi va xonadonlardagi gaz jihozlarning soni hisobga olinib, zamonaviy gaz hisoblash uskunalarini turli modifikatsiyalarini oʻrnatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
– Bugungi kunda tabiiy gaz taʼminoti idoralari xodimlari oldiga gaz isteʼmoli tizimida yuqori tejamkorlikka erishish, aholi xavfsizligini taʼminlash kabi muhim masalalar qoʻyilmoqda, – deydi “Hududgaz Andijon” MCHJ Bosh direktori Davronbek Salohitdinov. – Mamlakatimizning qator hududlarida tajriba tariqasida sinovdan oʻtgan zamonaviy gaz hisoblash uskunalarini oʻrnatish ana shu yoʻnalishdagi ishlardan biridir. Hisoblagichlar aholi uchun bepul oʻrnatib berilmoqda.


Qator qulaylik va afzalliklari bilan yangi hisoblagichlar isteʼmolchilarga manzur boʻldi. Inson omilini qisqartirishda qoʻl keluvchi ushbu hisoblagichlar sim-karta oʻrnatilgan holda foydalanishga topshiriladi. Sim-kartaning asosiy vazifasi, ishlatilgan tabiiy gaz hajmi haqidagi maʼlumotlarni onlayn rejimda markaziy serverga uzatish hisoblanadi. Shu orqali maʼlumot billing tizimiga avtomatik ravishda uzatiladi. Bu oʻz navbatida isteʼmolchilarda toʻlov madaniyatini oshirishi bilan bir qatorda toʻlov tizimida shaffoflikni ham taʼminlaydi.
Ushbu hisoblagichlarning yana bir qulayligi shundaki, ishlatilgan tabiiy gaz uchun qarzdorlik paydo boʻlishiga yaqin qolganda pul toʻlash lozimligi toʻgʻrisida isteʼmolchining mobil telefoniga avtomatik tarzda xabar yuboradi va hisoblagichda qarz yuzaga kelishi bilan avtomatik tarzda toʻlov qilingunga qadar isteʼmolchiga gaz berish toʻxtatiladi.
Ayni kunlarda isteʼmolchilarga qulay va karantin qoidalariga qatʼiy amalga qilgan holda tegishli hujjat va shartnomalar rasmiylashtirilmoqda. Gaz taʼminoti tizimi mutaxassislari yangi hisoblagichlarni oʻrnatishda karantin va koronavirus yuqishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha belgilangan barcha tartiblarga qatʼiy amal qilmoqda.
Joriy yilda Andijon viloyatida 64 ming dona ana shunday zamonaviy hisoblagichlar oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Umuman, viloyatda 221 mingga yaqin isteʼmolchilarga zamonaviy hisoblagichlar bepul oʻrnatib beriladi.