Gaz hisoblagichlar “aqlli”siga almashtirilmoqda
Navoiy viloyatidagi 2 ming 494 ta ulgurji iste’molchilarda 3 ming 249 ta hisoblagichlar mavjud. “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali metrologiya xizmati xodimlari tomonidan 2023 yilning o‘tgan mart oyida ulgurji iste’molchilarning gaz hisoblagichlaridagi ko‘rsatgich va arxiv ma’lumotlari olinib tahlil qilindi.
Natijada ular tomonidan 37 million 848 ming 926 metr kub tabiiy gaz ishlatilganligi aniqlanib, belgilangan tartibda https://billing.hududgaz.uz dasturiga kiritildi. Shuningdek, viloyatda mavjud bo‘lgan 41 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarga o‘rnatilgan elektron gaz hisoblash uskunalari arxiv ma’lumotlari davlat standartlari asosida qayta hisob-kitob qilindi. Shu asosida filial foydasiga 86 ming 168 metr kub tabiiy gaz hajmlari hisoblanib, belgilangan tartibda dasturga kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 5 avgustdagi “Respublika iste’molchilarini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida viloyatda mavjud ish faoliyatida bo‘lgan masofadan onlayn rejimda avtomatik tarzda o‘chirib-yoqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan 2 ming 231 ta klapansiz hisoblash uskunalari to‘liq zamonaviy “aqlli” hisoblagichlarga almashtirildi. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2020 yil 24 sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda jami 52 ta yirik hududlar tashkil etilgan. Mazkur hududlarga 59 ta elektron gaz hisoblash uskunalari o‘rnatilishi ta’minlandi.
– Mazkur yirik hududlarga o‘rnatilgan elektron gaz hisoblash uskunalarining metrologik talablar asosida ishlashini ta’minlash maqsadida hozirda nosoz holatda bo‘lgan hisoblagichlarni soz holatga keltirish hamda davlat qiyoslash ko‘rigi muddati tugagan hisoblash uskunalarini qiyoslashdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali yetakchi muhandisi Mahmud Kenjayev. – Hozirda yirik hududlarga o‘rnatilgan 59 ta yirik hududlardagi elektron gaz hisoblash uskunalarining 41 tasi nosoz holatda ekanligi aniqlandi. Ushbu hisoblash uskunalari yechib olinib, soz holatga keltirish va Davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish uchun maxsus ustaxonaga taqdim etilgan. Shuningdek, hozirgi kunda maxsus ustaxonalarga topshirilgan 49 ta hisoblash uskunalaridan 35 tasi nuqson dalolatnomalari rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda korporatsion birjaga taqdim etilgan.
Filialning metrologiya xizmati xodimlari tomonidan mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA