Gaz ballonlaridagi ko‘rinmas xavfning oldi olinmoqda
Ko‘pchilik maishiy gaz balloni ichidagi gaz to‘liq sarflanadi deb o‘ylaydi. Aslida esa har bir ballonda vaqt o‘tishi bilan suyultirilgan uglevodorodli gazning ma’lum qismi og‘ir qoldiqqa aylanib, yonuvchanlik xususiyatini yo‘qotadi. Eng xavflisi, bu qoldiqni o‘zboshimchalik bilan chiqarishga urinish inson hayoti va mol-mulki uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu bois mamlakatimizda gaz ta’minoti tizimida og‘ir qoldiqlarni maxsus texnologiya asosida chiqarib olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buxoro viloyatida ham bu yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tasarrufidagi hamda xususiy gaz to‘ldirish shoxobchalarida maishiy gaz ballonlarida hosil bo‘ladigan og‘ir qoldiqlarni xavfsiz tarzda chiqarib olish ishlari qat’iy tartib asosida tashkil etilgan.
2026-yil boshidan bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha 575 ming 340 dona maishiy gaz balloni maxsus ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 96 tonna 93 kilogrammdan ortiq og‘ir qoldiq maxsus uskunalar yordamida chiqarib tashlandi. Bu raqamlar sohada xavfsizlikka qanchalik katta e’tibor qaratilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Xususan, Qorako‘l tumanidagi gaz to‘ldirish shoxobchasida ham bu ishlar yuqori mas’uliyat bilan olib borilmoqda. Bu yerga shu kunga qadar 148 ming 342 ta gaz balloni qabul qilinib, ularning 124 ming 359 tasidan og‘ir qoldiq chiqarib olingan. Har bir gaz balloni maxsus tarozida o‘lchanadi, og‘ir qoldiq chiqarib tashlangach, yana qayta tortiladi va barcha ma’lumotlar maxsus jurnalga qayd etiladi. Bu jarayon nafaqat texnik nazorat, balki iste’molchilar xavfsizligini ta’minlashning muhim kafolati hisoblanadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, og‘ir qoldiqni to‘kish oddiy jarayon emas. Bu faqat maxsus jihozlangan shoxobchalarda, xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilgan holda, amalga oshirilishi mumkin. Afsuski, ayrim iste’molchilar bu haqda yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmagani uchun og‘ir qoldiqni mustaqil chiqarishga harakat qiladi. Bu esa gaz sizib chiqishi, yong‘in yoki portlash kabi og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi ehtimolini keskin oshiradi.
—Gaz ballonida qoladigan og‘ir qoldiq oddiy chiqindi emas, —deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Yorqin Davronov. – Uni o‘zboshimchalik bilan chiqarishga urinish inson hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Shuning uchun og‘ir qoldiqni chiqarib tashlash faqat maxsus uskunalar yordamida, malaka oshirgan mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Biz iste’molchilardan gaz ballonlaridan xavfsiz foydalanish qoidalariga qat’iy amal qilishni, shubhali holatlarda esa darhol gaz xizmati mutaxassislariga murojaat qilishni so‘raymiz. Xavfsizlik – har birimiz uchun eng ustuvor vazifadir.
Bugungi kunda “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan viloyatdagi 165 mingdan ortiq iste’molchi suyultirilgan uglevodorodli gaz bilan ta’minlanmoqda. Bu esa tizim zimmasiga nafaqat gaz yetkazib berish, balki har bir xonadon xavfsizligini ta’minlashdek yuksak mas’uliyatni ham yuklaydi.
Gaz ballonidagi og‘ir qoldiqni vaqtida va to‘g‘ri tarzda chiqarish — texnik talab emas, balki inson hayotini asrashga xizmat qiladigan muhim xavfsizlik chorasidir. Bugun amalga oshirilayotgan bunday tizimli ishlar minglab xonadonlarni ehtimoliy baxtsiz hodisalardan asrab, aholini sifatli va xavfsiz gaz bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda. Zero, xavfsizlikka amal qilingan joyda xotirjamlik, xotirjamlik bo‘lgan joyda esa farovon hayot qaror topadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri