G‘allani kuzgi oziqlantirish ishlari davom etmoqda
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, g‘alladan yuqori don hosili yetishtirishda azotli va mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish katta ahamiyatga ega bo‘lib, kuzgi bug‘doy rivojlanishining dastlabki fazasidan boshlab, deyarli barcha fazasida azotga ehtiyoj sezadi.
bugungi kunda Toshkent viloyatida 103 ming 845 gektar maydonda kuzgi boshoqli don hosili ekilgan bo‘lib, hozir ekilgan g‘alladan kutilayotgan hosilni olish maqsadida g‘allani birinchi oziqlantirish ishlariga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Ya’ni ekilgan g‘alla maydonlarini mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish uchun xandaq qazish va yangi bug‘doyzorlar uchun zarur bo‘lgan azotli o‘g‘itlar zaxirasi yaratilmoqda.
Xususan, shu paytgacha Oqqo‘rg‘on tumanida 848 dona, Bo‘ka tumanida 493 dona, O‘rta Chirchiq tumanida 400 dona, Yangiyo‘l tumanida 324 dona va Quyi Chirchiq tumanida 303 dona xandaq qazish ishlari amalga oshirilgan. Mahalliy o‘g‘it jamg‘arish ishlari O‘rta Chirchiqda 8 ming tonna, Quyi Chirchiqda 3 ming 456 tonna, Ohangaronda 2 ming 455 tonna, Oqqo‘rg‘onda 1 ming 423 tonna, Chinozda 1 ming 293 tonna mahalliy o‘g‘it jamg‘arish ishlari bajarildi.
Bundan tashqari, viloyatdagi mavjud g‘allachilik klasterlari tomonidan azotli mineral o‘g‘itlar zaxirasini yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu ishlarning o‘z vaqtida sifatli agrotexnik talablarga rioya qilgan holda bajarilishi yuzasidan Agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va hududiy bo‘limlari tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. Sohada kamchilikka yo‘l qo‘ygan tegishli tashkilot, g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklariga ta’sir choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tuman hokimliklariga 14 ta taqdimnoma, klasterlarga 3 ta yozma ko‘rsatma va fermer xo‘jaliklariga 11 ta ogohlantirishlar berildi. Mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha nazorat ishlari olib borilmoqda.
Eldor Ziyodullayev,
Agroinspeksiyaning Toshkent viloyati
boshqarmasi katta inspektori