G‘allachilikning bugungi holati haqida axborot berildi (+video)
Respublikamizda 2025 yil hosili uchunsug‘oriladigan 996 900 gektar maydonga kuzgi bug‘doy ekilgan. Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida mahalliy sharoitda yaratilgan bug‘doyning serhosil, suvsizlikka va kasalliklarga chidamli istiqbolli navlari joylashtirilmoqda.
Mustaqillikning ilk yillaridan boshlab g‘allachilikda yo‘lga qo‘yilgan seleksiya yutuqlari natijasida bugun respublikada ekilayotgan jami g‘alla maydonining 40 foizdan ziyod qismini mahalliy navlar tashkil etmoqda. Seleksioner olimlarimiz tomonidan so‘nggi besh yilda o‘rta, ertapishar, serhosil, kasallik va zararkunandalarga chidamli “Asr”, “Davr”, “Andijon-2”,“Chillaki”, “Bobur”, “Yog‘du” kabi o‘nlab yangi navlar yaratildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlarga joriy yilgi boshoqli don ekinlarining parvarishi uchun qilinayotgan agrotexnik tadbirlar, yangi navlar, kasalliklarga qarshi kurash va bu borada olib borilayotgan ishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
- Kuzgi bug‘doy ekish maydonlari yildan-yilga qisqarib boryapti, - deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Don va dukkakli ekinlar bo‘limi boshlig‘i Abdulla Mansurov. – Qisqargan maydonlarga eksportbop ekinlarni ko‘proq ekib, oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanmoqda. Oxirgi yillarda bizni ilmiy-tadqiqot institutlarimiz olimlari tomonidan yuqori hosildor yangi navlar yaratilyapti. Yangi-yangi g‘alla yetishtirish texnologiyasi ishlab chiqilyapti. Bundan 5 yil avval bargdan oziqlantirish degan narsa g‘allachilikda bo‘lmas edi.
Oddiy karbomid o‘g‘iti bilan oziqlantirib qo‘yar edik. Bugungi kunda mikroelementlar bilan boyitilgan yangi preparatlar chiqdi. Bular bilan oziqlantirish hisobiga hosildorlik 10-15 sentnerga oshyapti.
Ta’kidlandiki, bu yilgi g‘allachilik mavsumida noyabr va dekabr oylarining odatdagidan o‘zgaruvchan bo‘lganligi sababli ekilgan boshoqli don ekinlarining tinim davriga to‘liq o‘tmasdan o‘sish va rivojlanishi davom etdi. Yog‘ingarchilikning kam bo‘lishi, ob-havoning quruq va iliq bo‘lishi g‘alla maydonlaridagi tuproqning 20-25 sm qatlamida namlik yetishmasligi holatlarini yuzaga keltirmoqda. Bunday sharoitda boshoqli don ekinlari paxta hosilini hamda takroriy ekinlarni yig‘ishtirib olish ishlarining bir oz kechikishi natijasida aksariyat maydonlarda boshoqli don ekinlari o‘z muddatida ekilmay, har yilgidan bir muncha kechikkanligiga sabab bo‘ldi.
Xullas, anjumanda 2025 yil hosili uchun 10-15 foiz g‘alla maydonlaridagi nihollar kechki hamda rivojlanishda orqada qolayotgani aytib o‘tildi.
Tadbirda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov hamda Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Oybek Amanov so‘zga chiqib, shu kunlarda berilgan suv g‘allaning nihollari joylashgan tuproq qatlamidagi ishqorli muhitni o‘zgartirishi, chuchuk (oqava) suv ildiz joylashgan tuproqdagi sho‘rni yuvishi hisobiga g‘allaning ildiz qatlamida sho‘rni yuvilishi hisobiga nihollarning o‘sish va rivojlanishi ta’minlanishi va mart oyining o‘rtalariga kelib 3-4 tupdan hosil qilishini ta’kidladilar.
Matbuot anjumanida shuningdek g‘allachilikda har gektaridan 80-100 sentnerlik hosil olishga yordam beradigan bir qator yangi innovatsion agrotexnologiyalar haqida ham ma’lumot berib o‘tildi.
Savol-javoblar ruhida o‘tgan anjumanda jurnalistlarning barcha savollariga batafsil javoblar qaytarildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/DMJBGQyjYvA" title="Gʻallachilikning bugungi holati haqida axborot berildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA