G‘alla mavsumi boshlanish arafasida
Namangan viloyatining Pop tumanida g‘alla o‘rim-yig‘imini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda Namangan viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anvarjon Hakimov, Pop tumani hokimi G‘ulomjon Murodxo‘jayev, viloyat prokuraturasi va ichki ishlar boshqarmasi mas’ul rahbarlari hamda sohaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Viloyatning tog‘li va tog‘oldi hududida joylashgan mazkur tumanda 2025 yil g‘alla hosili uchun jami 10 ming 517 gektar maydonda boshoqli don ekinlari ekilgan bo‘lib, mavsumni munosib o‘tkazish uchun 39 ta g‘alla o‘rim otryadi shakllantirildi. Ularga 39 ta zamonaviy g‘alla o‘rish kombayni, 195 ta don tashish avtotransport vositasi biriktirildi. Shuningdek, ishchi-xodimlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilib, ko‘chma uylar barpo qilindi.

Tadbirda mutasaddilar tomonidan o‘rim-yig‘im jarayonlarini tashkil etish, xavfsizlik choralariga rioya etish va mavsum davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan aniq tushuntirishlar berildi.
Aytish joizki, Namangan viloyatida joriy yil boshoqli don hosili uchun jami 66 ming gektar maydonlarga g‘alla ekib parvarish qilinib, har gektaridan o‘rtacha 87,3 sentnerdan 576 ming tonna don yetishtirilishi rejalashtirilgan. Shu jumladan, 197 ming tonnasi davlat va jamiyat resurslari uchun jamg‘arish belgilangan.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA