G‘oliblar Xorazmga boradi
Farg‘onada umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining basketbol bo‘yicha saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Farg‘onada umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining basketbol bo‘yicha saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish, xalqaro miqyosda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarni tarbiyalashda Prezidentimiz tashabbusi bilan an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu musobaqalar tufayli ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan millionlab yoshlar futbol, tennis, suzish, shaxmat, kurash, boks, gimnastika, yengil atletika va boshqa ko‘plab sport turlari bo‘yicha o‘z mahoratini namoyon qilmoqda.
Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida shu yil Xorazm viloyatida o‘tkaziladigan umumta’lim maktablari o‘quvchilarining “Umid nihollari” sport o‘yinlari final bosqichiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Hududlarda bo‘lib o‘tayotgan saralash bosqichlari esa yuqori saviyada tashkil etilayotir.
Bir hafta davomida Farg‘ona shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan basketbolchi o‘g‘il-qizlar guruhlarga bo‘lingan holda o‘zaro kuch sinashdi.
– “Umid nihollari” musobaqasida ishtirok etish biz, yoshlarga faxr va iftixor bag‘ishlaydi, – deydi Farg‘ona viloyati jamoasi sardori Go‘zal Mo‘minova. – Bunda, albatta, mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor, ta’lim muassasalarida yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar asosiy omil bo‘lmoqda. Bugungi saralash bosqichi ham do‘stlik va sport bayramiga aylandi.
O‘g‘il bolalar jamoalari o‘rtasida Navoiy viloyati, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona viloyati o‘quvchilari eng ko‘p ochko jamg‘arib, final o‘yinlariga yo‘llanma oldi. Qizlar o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Namangan va Farg‘ona viloyatlari vakillari “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining final bosqichida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.