FVV akademiyasi kursantlari “Zakovat”da bellashdi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 33 yilligi hamda 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Kursantlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, intellektual salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish, erkin ijodiy fikrlashlari hamda iqtidorlarini namoyon etishlariga ko‘maklashish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, dunyoqarashlarini kengaytirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda akademiyaning barcha batalon kursantlari hamda “Maxsus muhandislik qurilish boshqarmasi” askarlaridan tarkib topgan “Liderlar”, “Ekstremal”, “Muhofaza”, “Everest”, “Askarlar” jamoalari o‘zaro bellashdilar.

Qiziqarli o‘tgan bilimlar bellashuvi natijalariga ko‘ra, 4-batalon kursantlaridan tarkib topgan “Everest” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. 1-batalon kursantlaridan tarkib topgan “Liderlar” jamoasi ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin 3-batalon kursantlaridan tarkib topgan “Muhofaza” jamoasiga nasib etdi.

Tadbir doirasida iste’dodli kursantlar tomonidan ijro etilgan kuy-qushiqlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Yakunda tashkilotchilar tomonidan g‘olib bo‘lgan jamoalar hamda faol qatnashgan ishtirokchilarga diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA