Futbolchilarimiz – guruhda birinchi
Poytaxtimizda davom etayotgan mini-futbol bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi “A” guruhida birinchi o‘rinni egallab, chorak finalga chiqdi.
Poytaxtimizda davom etayotgan mini-futbol bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi “A” guruhida birinchi o‘rinni egallab, chorak finalga chiqdi.Chempionatda qit’amiz terma jamoalari sovrinli o‘rinlar bilan birga Kolumbiyada o‘tkaziladigan jahon chempionati yo‘llanmalari uchun ham bahslashmoqda.
Terma jamoamiz guruh bosqichidagi barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonib, to‘qqiz ochko bilan chorak final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Futbolchilarimizning guruh bosqichidagi o‘yinlari muxlisu mutaxassislarga manzur bo‘ldi. Ayniqsa, ilk bahsda Saudiya Arabistoni ustidan 5:2 hisobida qozonilgan g‘alaba barchaning, futbolchilarning ham o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamladi. Shundan so‘ng hamyurtlarimiz Qirg‘iziston (2:1) va Livan (2:0) terma jamoalariga ham hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
Terma jamoamiz bir-ikki yetakchiga bog‘lanib qolmagan. Futbolchilarimiz qanday tarkibda maydonga tushmasin, jamoaviy o‘yin ko‘rsatmoqda, har bir vaziyatda o‘ziga ishonch va sovuqqonlik bilan, ayni paytda konsentratsiyani yo‘qotmagan holda harakat qilmoqda. Ular orasida Davron Choriyev, Jamoliddin Sharipov, Artur Yunusov, Konstantin Sviridov, Dilshod Rahmatov, Javlon Anorov va Farhod Abdumavlonovlar alohida tahsinga loyiq. Ayniqsa, terma jamoamiz darvozaboni Rustam Umarov o‘z mahoratini namoyish etib, ko‘pgina gol bo‘ladigan vaziyatlardan darvozani qutqardi. Livan bilan bahsdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida terma jamoamiz bosh murabbiyi Xose Mariya Mendez uning o‘yiniga yuqori baho berib, Rustam Umarov bugun Osiyoda eng kuchli posbonlardan biri ekanini isbotladi, dedi.
Endi hamyurtlarimiz 17-fevral kuni Osiyo chempionatining chorak finalida «V» guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan iroqlik futbolchilarga qarshi maydonga tushadi.
Iroqlik futbolchilar o‘z guruhida Xitoy (6:1) va Iordaniya (4:3) terma jamoalarini mag‘lubiyatga uchratib, eronlik futbolchilarga 2:13 hisobida yutqazgan.
Ham jismoniy, ham ruhiy ustunlik O‘zbekiston sportchilari tarafida. Agar terma jamoamiz a’zolari mazkur o‘yinda g‘alaba qozonsa, jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Futbolchilarimizga bu va undan keyingi bahslarda ham omad tilaymiz.